Avval xabar qilganimizdek, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati OAV va internet nashrlarida O‘zbekiston AQSh Davlat departamenti tomonidan O‘zbekiston Maxsus nazorat ro‘yxati (Special Watch List)ga kiritildi, mazmunidagi xabarga izoh berdi.
AQSh davlat departamenti bu yilgi hisobotida O‘zbekistonni “Alohida xavotir uyg‘otadigan davlatlar” ro‘yxatida emas, balki maxsus nazorat ro‘yxatida qoldirilganini e’lon qilib o‘tdi. Ushbu ro‘yxatni shakllantirish, qaysidir davlatni kiritish yoki chiqarish AQSh davlat departamentining vakolatiga kiradi. Shunday ekan, O‘zbekiston mazkur ro‘yxatdan qachon chiqarilishi bizga aniq emas, deyiladi qo‘mita xabarida.
Shuningdek, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita so‘nggi uch yil ichida sohada bo‘lgan o‘zgarishlar haqida ham ma’lumot berib o‘tdi.
– so‘nggi yillarda afv etish bo‘yicha 8 ta farmon qabul qilinib, 4 mingdan ziyod shaxs jazoni o‘tash joylaridan ozod qilindi;
– Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jasliq qo‘rg‘onidagi jazoni ijro etish koloniyasi yopildi;
– joriy yilda “Mehr-1” va “Mehr-2” tadbirlari davomida Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar maydonidan 261 nafar fuqaro, asosan ayollar va bolalar yurtimizga qaytarib olib kelindi.
– nazoratga olingan 20 mingdan ziyod fuqaro “maxsus hisoblar”dan chiqarildi va bu “qora ro‘yxatlar” yuritilishiga chek qo‘yildi;
– birgina 2019 yilni o‘zida 10 ta masjid hamda 8 ta cherkov ochildi;
– umra safariga bo‘lgan cheklov(kvota) olib tashlandi. Har kuni qariyb 500 ga yaqin yurtdoshimiz Umra ziyoratiga jo‘natilmoqda.