Majburiy ijro byurosi Andijon viloyati boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari ish yurituvidagi jismoniy hamda yuridik shaxslarning buzilgan turar joylari, bino-inshootlari uchun hokimliklardan kompensasiya undirish to‘g‘risidagi sud qarorlari ijrosini ta’minlash bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.
MIB Andijon viloyat boshqarmasi Matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, yakunlangan 2024 yil davomida MIB ish yurituviga mazkur toifadagi jami 49 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘ni undirish bo‘yicha 144 ta ijro hujjati kelib tushgan. Olib borilgan ijro harakatlari natijasida 77 ta ijro hujjati tamomlanib, fuqarolar va xo‘jalik sub’ektlariga 17,8 milliard so‘m miqdoridagi kompensasiya pullari undirib berildi.
Masalan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Asaka tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan qarzdor “Andijon viloyati hokimligi huzuridagi davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha markazlashtirilgan jamg‘armasi” hisobidan Marhamat tumanida yashovchi 65 nafar fuqaro foydasiga jami 7,8 milliard so‘m kompensasiya to‘lovi undirilishi belgilangan bo‘lib, ijro harakatlari davomida 61 nafar fuqaroga kompensasiya pullari undirib berildi.
Boshqarma, uning hududiy bo‘limlari tomonidan mazkur yo‘nalishdagi ishlar davom ettirilmoqda.