Kiberhujumlar sabab 15 mln emas, 60 ming kishining ma’lumotlari tarqalgan. Raqamli texnologiyalar vazirligida o‘tgan matbuot anjumanida bu kiberxujum tafsilotlari va uning oqibatlari tafsilotlari e’lon qilindi.
2 fevral kuni 15 million o‘zbekistonlikning shaxsiga oid ma’lumotlar sizib chiqqani haqida xabar tarqalgan edi.
Vazir Sherzod Shermatovga ko‘ra, 2026 yil 27–30 yanvar kunlari 3 ta davlat idorasining axborot tizimlariga kiberhujumlar bo‘lgan. Natijada ijtimoiy tarmoqlarda aytilganiday 15 mln emas, 60 mingga yaqin fuqaroning ma’lumotlari tarqalgan.
Rasmiylarga ko‘ra, kiberxujumni bartaraf qilish maqsadida tezkorlik bilan axborot infratuzilmalariga kelgusidagi ruxsatsiz kirishlarga chek quyilgan, texnik himoya qurilmalarida himoya vositalari yanada kuchaytirilgan.
Shuningdek, Yagona identifikasiya tizimi (OneID)da qo‘shimcha xavfsizlik choralari ko‘rilib, shaxsiy matlumotlarni egasining roziligi asosida boshqa tizimlarga taqdim etish yoki cheklash imkoniyati yaratilgan.
Rasmiylarga ko‘ra, ma’lumotlar tarqalishi fuqaroning shaxsiy akkaunti buzilgan degani emas, bunda asosan fuqarolarning ism-sharifi, tug‘ilgan sanasi, manzili, telefon raqami kabi ma’lumotlardan biri qo‘lga kiritilgan bo‘lishi mumkin.
Ta’kidlanishicha, firibgar bu ma’lumotlarni qo‘lga kiritgani bilan, fuqaroning shaxsiy ishtirokisiz uning nomidan biror bir xatti-harakatni amalga oshirolmaydi. Shu sababdan ular turli usullar bilan qolgan ma’lumotlar to‘plamini ko‘lga kiritish uchun navbatdagi xurujni amala oshiradi.