10 dekabr (1992 yil) O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risidagi Qonun qabul qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining matni va musiqasi O‘zbekiston Respublikasining 1992 yil 10 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi Qonuni bilan tasdiqlangan.
Ushbu Qonunning 2-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasiga zo‘r ehtirom bilan qarash O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining vatanparvarlik burchidir”, deb belgilab qo‘yilgan Davlat suvereniteti ramzi bo‘lgan madhiya matni O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov tomonidan yozilgan.
Unga O‘zbekiston xalq artisti Mutal Burxonov musiqa bastalagan. O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi mustaqillikka e’tiqodni targ‘ib qiladi. Uning matni fuqarolarimizni mustaqil davlat qurish yo‘lida matonat va jasoratga, sabr-toqat va fidokorlikka, kurashga chaqiradi, milliy g‘ururni uyg‘otadi.
Madhiyamiz bayramlar, siyosiy chiqishlar, sport anjumanlari, rasmiy davlat qabullari, yuqori ahamiyatli tadbirlar, turli davlat boshliqlarini kutib olish va kuzatish marosimlari hamda qonun bilan belgilangan boshqa hollarda ijro etilib, davlat suverenitetiga e’tiqod va hurmatni rasmiy musiqa hamda matn bilan ifoda etadi.
Davlatimiz madhiyasi - tinch va osoyishta, ozod hamda erkin hayotimiz, yorug‘ kelajagimizga bo‘lgan ishonchimiz timsolidir. Bizni va farzandlarimizni g‘alabaga undab turuvchi hayot qo‘shig‘imizdir! O‘zbekiston farzandlari qayerda bo‘lmasin, qanday natijalarga erishmasin jahon arenalarida turib Vatan madhiyasini baralla kuylayversin! Chunki madhiyamiz — g‘oliblik, hurlik timsoli, ezgulik, tinchlik ramzidir.