Yolg‘onchilik - munofiqlik belgisi bo‘lib, u og‘ir gunohlardan hisoblanadi.
Qur’oni karimning bir necha joyida, Rasululloh alayhissalomdan rivoyat qilingan ko‘plab hadisi shariflarda yolg‘onchilikning do‘zaxga olib boruvchi gunoh ekani zikr etilgan. Ulamolarimiz quyidagilarni eng qabih, deb bayon qilganlar:
1. Qur’oni karim oyatlarini yaxshi bilmagan holda o‘z ta’biricha tafsir qilish, noto‘g‘ri sharhlash yoki tarjima qilish, shuningdek, Alloh taolo buyurmagan narsalarni farz etib, o‘zicha joriy qilish. Bu eng katta yolg‘on hisoblanadi.
2. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom nomlaridan yolg‘on hadis to‘qish.
3. Noto‘g‘ri guvohlik berish, yolg‘on guvohlik berish ulkan gunohdir. Chunki yolg‘on guvohlik berish oqibatida haq bukilib, botil bo‘y ko‘rsatadi.
4. Savdo-sotiqdagi yolg‘on (molning aybini yashirish, falonchaga oldim, deyish kabi).
5. Oila a’zolari o‘rtasida bir qarashda arzimas tuyulgan yolg‘onlar, ayniqsa, yosh bolani aldash va yolg‘on va’da berish ham yomon yolg‘onlar sirasiga kiradi.
6. Yolg‘onning yomonlaridan yana biri birovni kuldirish yoki xursand qilish uchun yolg‘on so‘zlash.
7. Ko‘rmagan tushini ko‘rdim, deb boshqalarga so‘zlash ham shariatda qattiq qoralanadi.
Faqat uch o‘rinda: urushda, erning xotiniga murosa uchun gapirgan yolg‘onida, ikki arazlashgan kishining orasini isloh qilish niyatida gapirilgan yolg‘on gap gunoh bo‘lib yozilmaydi.
Azizxo‘ja domla Inoyatov sahifalaridan