Bu haqda Le Figaro gazetasi xalqaro jurnalistlar konsorsiumi surishtiruviga tayanib xabar bermoqda.
Rossiya maxsus xizmatlari bilan bog‘liq bo‘lgan "La Compagnie" tarmog‘i 2024 yilda Argentina prezidenti Xavyer Mileyni obro‘sizlantirish maqsadida ta’sir o‘tkazish kampaniyasini amalga oshirgan.
Surishtiruv ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning iyun oyidan oktyabr oyigacha ushbu tarmoq Argentinaning 20 dan ortiq onlayn ommaviy axborot vositalarida 250 ga yaqin material e’lon qilinishini tashkillashtirgan, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda kontent tarqatgan. Ta’kidlanishicha, bu maqsadlar uchun taxminan 280 ming dollar mablag‘ ajratilgan. Materiallar vositachilar, yangiliklar agentliklari, maslahatchilar va ayrim biznes vakillari orqali joylashtirilgan.
Surishtiruvchilar The Continent nashri tomonidan qo‘lga kiritilgan hamda "DosYE" markazi, "Vajnie istorii", "All Eyes on Wagner", "Forbidden Stories" va "OpenDemocracy" ishtirokida tekshirilgan hujjatlarga tayanmoqdalar. Ushbu hujjatlardan ko‘rinishicha, "La Compagnie" tarmog‘i Rossiya Tashqi razvedka xizmati va "Vagner" xususiy harbiy kompaniyasi bilan aloqador tuzilmalarga bog‘langan.