Bugun 4 iyul, 2025 yil, juma

КИР

“Totli ro‘yolar” spektakli premyerasi bo‘lib o‘tdi

“Totli ro‘yolar” spektakli premyerasi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 6 may kungi PF-73 Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha 2024-2028 yillarga mo‘ljallangan milliy strategiya”da aholining keng qatlami, ayniqsa yoshlar o‘rtasida giyohvandlikka qarshi immunitetni mustahkamlash alohida maqsad etib belgilangan.

Ushbu maqsaddan kelib chiqib, Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi tashabbusi bilan O‘zbekiston Davlat Satira teatri tomonidan giyohvandlik va narkojinoyatlarning ayanchli oqibatlarini yorituvchi Totli ro‘yolar” nomli spektakl sahnalashtirildi. Bu haqda Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi xabar berdi.

Ssenariy mualliflari – Abdukayum Yuldashev va Sardorbek Xamroyev.

Postanovkachi rejissyor – G‘ofir Mardonov.

Spektaklning premyerasi 2025 yil 2 iyul kuni Satira teatrida bo‘lib o‘tdi.

Spektakl dramasi bugungi kunda butun dunyoda tobora avj olib borayotgan giyohvandlik oqibatlariga va bu baloning g‘am-kulfatlari, fojialari hamda yo‘qotishlariga bag‘ishlangan bo‘lib, bosh qahramonlar ushbu illatga giriftor bo‘lgan yoshlardir.

Mazkur spektakl orqali yoshlarga bu yo‘lga kirishning ayanchli oqibatlari, narkotiklar nafaqat ularni suiiste’mol qilgan insonni, balki uning yaqinlari hayotini ham do‘zaxga aylantirib yuborishini ko‘rsatib berish maqsad qilingan.

Bundan tashqari, yoshlarning manfur kimsalar aldoviga tushib qolmasliklari va narkojinoyatchilarning to‘riga ilinmasliklari uchun hamisha ogoh va hushyor bo‘lishlari naqadar zarur va shart ekanligi tomoshabinlarga hayotiy misollar, achchiq saboq sifatida xizmat qiladigan fojialar bilan namoyish etildi.

Tadbir davomida tomoshabinlarga 4 xil namunadagi (yoshlar, ota-onalar va ustozlar uchun eslatmalar, shuningdek narkojinoyatlarning huquqiy oqibatlari to‘g‘risida) flayerlar tarqatildi.

Kiritildi: 09:37 03.07.2025. O'qildi: 381 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!