2025-yil 1-iyuldan boshlab Germaniya hukumati viza berishdan bosh tortilgan holatlarda appelyasiya berish imkoniyatini butunlay bekor qildi. Bu haqda Germaniya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy saytida e’lon qilindi.
Ushbu qaror Germaniya vizasiga bo‘lgan arizalar sonining oshishi sababli vizalarni ko‘rib chiqish jarayonini tezlashtirish va ko‘proq arizalarni qayta ishlash imkonini yaratish maqsadida joriy etildi.
Endilikda viza olishdan bosh tortilgan fuqarolar faqat ikki yo‘lni tanlashi mumkin:
Yangi viza arizasini topshirish;
Elchixona qaroriga qarshi Berlindagi ma’muriy sudga shikoyat kiritish.
Yangi tartib dunyo bo‘ylab barcha Germaniya elchixonalari va konsulliklarida amal qiladi.
Germaniya TIV ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda Germaniya elchixonalari taxminan 2 millionta viza arizasini ko‘rib chiqqan. Shundan 485 mingtasi uzoq muddatli yashash uchun mo‘ljallangan milliy vizalar bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich 2023-yilga nisbatan 7 foizga, koronavirus pandemiyasidan oldingi 2019-yilga nisbatan esa 26 foizga ko‘proqdir.