Uchtepa tumanida joylashgan, “OZIQ-OVQAT STANDART KARTON” MCHJga tegishli “Stroy gorod” qurilish bozorida yong‘inga qarshi xavfsizlik qoidalariga rioya etilmagani va qonunbuzilishlar aniqlangani sababli, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi qaroriga asosan bozor vaqtincha yopildi. Bu haqda Toshkent shahar FVB axborot xizmati ma’lum qildi.
Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining ma’lumot berishicha, 2025 yil 13 iyunda qabul qilingan hal qiluv qaroriga muvofiq, bozor faoliyatidagi kamchiliklar to‘liq bartaraf etilmaguncha savdo binolarida ish faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan. Qaror 27 iyundan boshlab kuchga kirgan hamda FVV tomonidan nazorat ishlari amalga oshirilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda bozor elektr ta’minotidan o‘zboshimchalik bilan uzilgani haqida tarqalgan xabarlar asossiz. Bozorning yopilishi elektr bilan bog‘liq emas, asosiy sabab yong‘in xavfsizligi talablariga amal qilinmagani, deyiladi FVB xabarida.