2025 yilning yanvar-may oylarida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi 31,3 mlrd dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkich asosan oltin, gaz va elektr energiyasi eksporti hisobiga ortgan. Shu bilan birga, to‘qimachilik mahsulotlari eksporti pasayishda davom etmoqda, Xitoyga eksport hajmi esa ketma-ket ikkinchi oy kamaymoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning besh oyida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi 15 foizga o‘sib, 31,3 mlrd dollarni tashkil etdi. Eksport hajmi 14,8 mlrd dollarga yetib, 31,1 foizga ortdi. Import esa 16,5 mlrd dollarga teng bo‘lib, 3,7 foizga o‘sdi. Tashqi savdo saldosi oltin eksporti hisobiga sezilarli darajada qisqardi.
Joriy yilning may oyida 1 mlrd dollarlik oltin eksport qilindi. Besh oylik oltin eksporti 6,5 mlrd dollarga yetdi va eksportdagi ulushi 43,8 foizni tashkil etdi. May oyida eksport 2,9 mlrd dollar, import esa 3,8 mlrd dollar bo‘ldi. Energiya eksporti oylik hisobda 58,9 foizga oshdi.
Mirkomil Xolboyevning ta’kidlashicha, oltinsiz eksport 9,6 foizga o‘sgan bo‘lsa, oltin, energiya va xizmatlarsiz eksportda pasayish kuzatilgan. O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari — Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya va Koreya Respublikasi bo‘lib qolmoqda. Xitoydan import tez o‘smoqda, oylik o‘sish 16 foizni tashkil etdi.
Ayni paytda, Xitoyga eksport hajmi ketma-ket ikkinchi oyda pasayib, may oyida 17,2 foizga kamaydi. Turkiya va Tojikistonga eksport ham kamaygan. Fransiya va BAAga eksport sezilarli darajada oshgan.
Energetika sohasida O‘zbekiston besh oyda gaz import hajmini 285,5 mln dollargacha qisqartirdi. Gaz eksporti esa 62,7 foizga o‘sib, 288 mln dollarga yetdi. Elektr energiyasi eksporti 72,6 foizga ko‘tarildi. Shu bilan birga, neft mahsulotlari eksporti kamaydi.
To‘qimachilik mahsulotlari eksporti 18 foizga kamayib, 1,05 mlrd dollarni tashkil etdi. Mevalar va sabzavotlar eksporti 47,9 foizga oshib, 619,6 mln dollarga yetdi. Don mahsulotlari eksporti ham o‘sishda.
Importda esa go‘sht, sut mahsulotlari, yog‘ va qahva kabi oziq-ovqatlar xaridlari ko‘paygan. Tibbiyot va farmasevtika mahsulotlari importi barqaror qolgan.
Xizmatlar eksporti 21,9 foizga o‘sib, 3,25 mlrd dollarni tashkil etdi. Turizm va transport eng yirik ulushga ega bo‘ldi. Xizmatlar importi esa 38,6 foizga oshib, 1,7 mlrd dollarga yetdi.