AQShda Donald Tramp ma’muriyati Harvard universitetini yahudiy va Isroillik talabalarning huquqlarini buzganlikda aybladi. Federal hukumat ta’lim muassasasini barcha davlat mablag‘laridan mahrum qilish bilan tahdid qilmoqda. Harvard bu ayblovlarni rad etmoqda.
AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Harvard universitetini yahudiy va Isroillik talabalarga nisbatan adolatsiz munosabatda aybladi. Rasmiylarga ko‘ra, Harvard ba’zi holatlarda befarq bo‘lib, ayrim vaziyatlarda esa yahudiy talabalar, o‘qituvchilar va xodimlarga nisbatan antisemitik ta’qiblarda ishtirok etgan.
Ma’lumotlarga qaraganda, universitetda tahsil olayotgan yahudiy talabalarning ko‘pchiligi o‘zlarini kamsitilgan deb his qilgan va to‘rtdan biri jismoniy xavfsizligidan xavotir olgan.
AQSh hukumati Harvarddan bu kabi holatlarga barham berish bo‘yicha zudlik bilan chora ko‘rishni talab qildi. Aks holda, universitet barcha federal moliyaviy mablag‘laridan mahrum qilinishi mumkinligi aytildi. Lekin qanday islohotlar talab qilinishi aniq ko‘rsatilmadi.
Harvard universiteti bu ayblovlarga munosabat bildirib, antisemitizmga qarshi jiddiy choralar ko‘rilganini ta’kidladi. Tahsil olayotgan yahudiy va Isroillik talabalarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish uchun doimiy harakat qilinayotgani qayd etildi.
Oq uy matbuot kotibi Karolin Levittga ko‘ra, Harvard va Tramp ma’muriyati o‘rtasida muzokaralar yopiq eshiklar ortida olib borilmoqda.
Bu ziddiyat AQSh universitetlarida Isroilning G‘azoga qarshi urushini qoralayotgan talabalar namoyishlaridan so‘ng avj olgan. Tramp bunday namoyishlarni noqonuniy deb baholab, ishtirokchilarni antisemitizmda ayblagan. Ammo namoyishchilar bu faoliyatlarini tinch yo‘l bilan inson huquqlari buzilishiga qarshi chiqish deb ta’riflagan.
Ma’lum qilinishicha, Tramp ma’muriyati Harvardning 2,5 mlrd dollar miqdoridagi federal grant mablag‘larini muzlatib qo‘ygan. Shuningdek, universitetni xalqaro talabalarni qabul qilish huquqidan mahrum qilish va soliq imtiyozlarini bekor qilish bilan tahdid qilgan.
Tramp ma’muriyati Harvarddan barcha shakldagi afzalliklarni, shu jumladan, professor-o‘qituvchilar va talabalarni tanlashdagi imtiyozlarni bekor qilishni talab qilgan. Shuningdek, hukumat terrorizm yoki antisemitizmni qo‘llab-quvvatlovchi xalqaro talabalarni qabul qilishga yo‘l qo‘ymaslikni talab etgan.
Harvard ushbu talablarni rad etgan va hukumatga qarshi sudga murojaat qilgan. Tramp ma’muriyati shuningdek, Kolumbiya, Kornell va Nortvestern kabi yetakchi universitetlarga ham bosim o‘tkazmoqda.
Oy boshida Kolumbiya universitetining 400 mln dollarlik federal mablag‘lari qisqartirilgan. Universitet ba’zi talablarni qabul qilgan va ichki tartiblarini o‘zgartirishga majbur bo‘lgan.
Boshqa universitetlar ham hukumatning bunday bosimlari ilmiy erkinlik va so‘z erkinligiga tahdid ekanini ta’kidlamoqda.