O‘zbekiston va Xitoy mutaxassislari charm sanoatida hamkorlikni kengaytirish, eksportni kuchaytirish hamda qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston charm mahsulotlari Xitoy bozoridagi ishtirokini kengaytirishga kelishildi. Shu maqsadda vazir o‘rinbosari Xurram Teshaboyev va Xitoy Charm sanoati uyushmasi raisi o‘rinbosari Liu Suilun uchrashuv o‘tkazishdi.
Muzokaralar davomida tomonlar sanoat kooperasiyasini rivojlantirish, xususan, Andijon va Ohangarondagi kichik sanoat zonalarida poyabzal hamda charm-galantereya mahsulotlari ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.
Kelgusida xalqaro brendlar talablariga javob beradigan mahsulotlar ishlab chiqarish uchun Xitoydan texnolog va dizayner mutaxassislarni O‘zbekistonga jalb etish rejalashtirilmoqda. Bu esa mahsulot sifatini oshirish va dunyo bozorida raqobatbardoshligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarni eksport qilish borasida qadamlarni belgilab olishdi. Shuningdek, 20 tadan ortiq hamkorlik kelishuvlariga erishildi.