Kolombo, Shri-Lanka – 2025 yil 25 may. Kurash sporti uchun tarixiy sanalgan ushbu kunda, dunyodagi eng yirik sport tashkilotlaridan biri — Xalqaro Xarbiy Sport Kengashi (CISM) Kurashni rasman o‘z taqvimidan joy olgan sport turi sifatida e’tirof etdi. Bu muhim qaror 2025 yil 17–25 may kunlari Shri-Lankaning Kolombo shahrida bo‘lib o‘tgan CISM Bosh Assambleyasida qabul qilindi.
1948 yilda tashkil etilgan va bosh qarorgohi Belgiyada joylashgan CISM – 140 ta a’zo davlatni birlashtirgan, harbiylar o‘rtasida sport orqali tinchlik va do‘stlikni targ‘ib qiluvchi nufuzli xalqaro tashkilot hisoblanadi.
Mazkur yutuq – Xalqaro Kurash Assosiasiyasi (IKA) hamda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari va O‘zbekiston Kurash Federasiyasining izchil harakatlari, muzokaralari va hamkorligi samarasidir.
Bosh Assambleyada IKA Texnika direktori janob Ravi Kapur tomonidan tayyorlangan Kurash taqdimoti CISM rahbariyati tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilindi va uning natijasida Kurash CISM taqvimiga kiritildi.
CISM doirasidagi birinchi rasmiy Kurash musobaqasi — Kurash Challenge Cup — 2026 yil 5–6 sentyabr kunlari O‘zbekistonda o‘tkaziladi. Ahamiyatlisi shundaki, musobaqaning final kuni — 6 sentyabr — Jahon Kurash kuniga to‘g‘ri keladi.
Xalqaro Kurash Assosiasiyasi Prezidenti Haydar Farmon mazkur muhim jarayonda faol ishtirok etgan va tashabbusni ilgari surgan IKA Bosh kotibi janob Reza Nasiriyga, CISM rahbariyatiga, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Sport vazirligi hamda O‘zbekiston Kurash Federasiyasiga ham o‘z minnatdorligini izhor etdi.
“Bu – butun jahon Kurash oilasi uchun faxrli va quvonchli kundir. Kurash faqat sport emas – u tinchlik va sharaf ramzi bo‘lgan ma’naviy merosdir. Uning CISM sport dasturiga kiritilishi xalqaro maydonda, ayniqsa, harbiy sportchilar orasida yangi yuksak bosqichni belgilab beradi”, — deyiladi IKA Prezidenti maktubida.
Kurashning CISM doirasiga rasman kiritilishi – uning xalqaro rivojlanishidagi yangi bosqichni boshlab berdi. Bu nafaqat sportchilar uchun, balki milliy federasiyalar va millionlab muxlislar uchun ham katta imkoniyatlar eshigini ochadi.
Endi Kurash nafaqat sport, balki turli xalqlar, madaniyatlar va armiyalar o‘rtasida do‘stlik ko‘prigi sifatida xizmat qiladi. 2026 yildagi rasmiy debyutni dunyo qiziqish bilan kutmoqda – bu Kurashning intizom, an’ana va global birlikka asoslangan shonli tarixidagi yangi sahifa bo‘ladi.