Zamonaviy yosh juftliklar tobora kamroq katta oila qurish haqida o‘ylashmoqda, bo‘sh vaqtlarini esa gadjetlar va ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazishni afzal ko‘rishmoqda. Bu haqda “Abzas” nashriga Bryansk viloyat dumasining deputati, “Pravoslav Rossiya” harakati raisi Mixail Ivanov ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu muammoni hal qilish uchun farzandsiz oilalarning internetga kirishini cheklash kerak.
Deputatning aytishicha, gap internetni to‘liq taqiqlash haqida emas, balki kechki vaqtlarda raqamli tiyilish (chegaralash) haqida ketmoqda. Masalan, soat 23:00 dan 02:00 gacha bo‘lgan oraliqda.
“Internet yangi turdagi qaramlikka aylangan, bu esa oilaviy qadriyatlarni yemiradi. Yoshlar bir-birlari bilan muloqot qilish, munosabatlar qurish va farzand haqida o‘ylash o‘rniga soatlab lenta varaqlaydi, o‘yin o‘ynaydi yoki serial tomosha qiladi. Bu shunchaki zararli odat emas, bu – mamlakat demografik xavfsizligiga tahdiddir. Biz yosh juftliklar o‘zaro muloqotga va ongli ota-onalikka qaytishi uchun sharoit yaratishimiz kerak”, – dedi Ivanov.
Spikerning ta’kidlashicha, rasmiylar ilgari ham yoshlar orasida internetga qaramlik muammosini ko‘tarishgan. Xususan, Davlat Dumasining vise-spikeri Olga Epifanova ijtimoiy tarmoqlarda vaqt o‘tkazish individualizmni kuchaytirib, an’anaviy oilaviy qadriyatlarga putur yetkazishini aytgan.
Ivanov bu tashabbusni senzura yoki erkinlikni bostirish deb emas, balki jamiyat farovonligiga qaratilgan oqilona tartibga solish deb atadi. “Agar kimdir farzand ko‘rishni istamasa, bu – uning tanlovi, lekin davlat oilaviy qadriyatlar ustuvor bo‘lishi uchun kerakli shart-sharoitlarni yaratishga haqlidir”, – deya qo‘shimcha qildi u.
“Biz bu tashabbusni internet provayderlari va ijtimoiy xizmatlar ko‘magida ixtiyoriy tajriba sifatida boshlashimiz mumkin. Mahalla nozirlari va oilaviy psixologlar juftliklarga tirik muloqot va ongli oila qurish muhimligini tushuntirishda yordam bera olishadi. Biz total nazoratni joriy etishni emas, balki yoshlar tunlarini telefonda emas, bir-biriga e’tibor qaratishga sarflashi uchun rag‘batlantiruvchi choralar ko‘rishni taklif qilmoqdamiz. Rossiya har doim mustahkam oilalari bilan faxrlangan. Bizning vazifamiz – bu an’anani tiklash. Agar bu uchun vaqtincha kechqurun ko‘ngilochar kontentga kirishni cheklash kerak bo‘lsa, bu – millat kelajagi uchun arzimas to‘lov”, – deya yakunladi Ivanov.
Avvalroq, Rossiya pravoslav cherkovi ruhoniysi Andrey Tkachyov 40 yoshdan oshgan va farzandsiz bo‘lgan rossiyaliklarni soliq bilan jazolash taklifini bildirgan edi. Unga ko‘ra, bunday chora ularning turmush tarzini “stigmatizasiya” qilishga xizmat qilishi kerak.
Biroq, Davlat Dumasining oila ishlari bo‘yicha qo‘mitasi huzuridagi jamoatchilik kengashi a’zosi, “Ivan Chay” an’anaviy oilaviy qadriyatlarni himoya qilish markazi rahbari Elina Jgutova bu g‘oyani tanqid qildi.
Huquq himoyachisining fikricha, jazolovchi xarakterga ega bo‘lgan jarimalar kechikkan munosabatlar muammosini yanada chuqurlashtiradi, chunki erkaklar majburan uylanishni istamaydilar. Uning fikricha, bundan ko‘ra samaraliroq choralar – jamiyatning “feminizasiyalashuvi”ga qarshi kurashish bo‘ladi.
Faolning aytishicha, erkaklar huquqlarini doimiy qo‘llab-quvvatlash va ularni himoya qilishga yo‘naltirilgan qonunlar qabul qilish sog‘lom ijtimoiy muhitni shakllantirishga yordam beradi va baxtli munosabatlar uchun zamin yaratadi.