Emmanuel Makron Falastin davlatini tan olish ma’naviy burch va siyosiy zarurat ekanini bildirdi.
Singapurdagi "Shangri La dialogi” xalqaro xavfsizlik anjumanida nutq so‘zlagan Fransiya prezidenti Falastin davlatini tan olish qator shartlarning bajarilishi bilan birga bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Makron bu shartlar qatorida Falastin davlati tomonidan Isroilning yashash va xavfsizlik huquqining tan olinishi, HAMAS harakatining qurolsizlanishi, HAMASning Falastinni boshqarishda ishtirok etishdan bosh tortishi va garovga olinganlarning ozod qilinishini keltirdi.
Shu bilan birga, Fransiya prezidenti agar Isroil yaqin soatlar va kunlarda G‘azo sektoridagi gumanitar vaziyatga maqbul yechim taklif qilmasa, xalqaro hamjamiyat Tel-Avivga nisbatan qat’iy umumiy pozisiyani egallashi shartligini bildirdi.
"Bunday vaziyatda Yevropa Ittifoqi o‘z tamoyillariga muvofiq harakat qilishi, inson huquqlarini hurmat qilishga asoslangan jarayonlarni yakunlashi va sanksiyalar joriy etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishi zarur. Biz qat’iyroq bo‘lishimiz kerak, chunki bu hozir zaruratga aylangan. Lekin men hali ham Isroilning pozisiyasi o‘zgaradi va gumanitar yechim topiladi deb umid qilaman", — dedi Emmanuyel Makron.