31 may — Butunjahon tamakisiz kun
Tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish inson salomatligiga nechog‘lik zararli ekani xususida ko‘p va xo‘p gapirilgan. Biroq shunga qaramay, dunyo miqyosida bu illat yoshlar orasida keng tarqalayotgani tashvishlidir.
🚬 Shu bois joriy yil Butunjahon tamakisiz kun tadbirlarining asosiy maqsadi soha sanoati tomonidan qo‘llanilayotgan zararli usullar haqida jamoatchilikni xabardor qilish va bu boradagi sa’y-harakatlarni birlashtirishga qaratilgan.
👫 Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 13–15 yoshdagi 37 million nafar o‘g‘il-qizlar tamakini u yoki bu shaklda iste’mol qilmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqasida esa 13–15 yoshdagi 11,5 foiz o‘g‘il bolalar va 10,1 foiz qizlar tamaki chekadi.
🟢Uning tarkibidagi nikotin alkogol hamda boshqa psixoaktiv moddalar kabi odamda kuchli qaramlikni keltirib chiqaradi. Qolaversa, o‘pka, bronx va nafas yo‘llari saratonidan o‘lim holatlarining 85 foizi, yurak ishemik kasalliklari bilan bog‘liq o‘lim holatlarining 16 foizi, sil kasalligidan o‘limning 26 foizi va quyi nafas yo‘llari infeksiyalaridan o‘limning 24 foizi tamaki iste’mol qilish bilan bog‘liq.
➡️ So‘nggi vaqtlarda tamaki sanoati o‘zining uslublarini ayni sharoitlarga moslashtirishga urinib, yangi iste’molchilarni jalb etish va ularni saqlab qolishga astoydil intilyapti. Ayniqsa, hid va ta’m beruvchi qo‘shimchalar, maqsadli marketing va aldamchi dizaynlardan keng foydalanilmoqda.
🔥 Oqibatda elektron sigaretalar, qizdiriladigan tamaki mahsulotlari va nikotinli snyuslar o‘g‘il-qizlar orasida ommalashmoqda. Shu bois bunday xavotirli vaziyat zudlik bilan qat’iy choralar ko‘rishni talab etadi.
🗣️ — Yurtimizda yoshlarni tamaki mahsulotlarining zararidan himoya qilish maqsadida qator kompleks chora-tadbirlar ko‘rilmoqda, — deydi SSVning tamakiga qarshi kurashish bo‘yicha bosh konsultanti SH. Shukurov. — Xususan, joriy yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan elektron sigaretalar muomalasini taqiqlash bo‘yicha qonun qabul qilinib, Senat tomonidan ma’qullandi.
🌍 Internet va ijtimoiy tarmoqlarda hamda savdo ob’ektlarida tamaki mahsulotlarini reklama qilishga va sotuvini rag‘batlantirishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha belgilangan talablarni amaliyotda ijro etilishi o‘rganildi. Shuningdek, bugun dunyoning 11 ta davlatida, jumladan, O‘zbekistonda ham elektron sigaretalar reklamasi, sotuvini rag‘batlantirish va homiylik qilishning har qanday shakllari qonun bilan taqiqlangan.
👨⚕️ Hozir barcha vakolatli organlar bilan birgalikda tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga qarshi keskin choralar ko‘rilib, ularning zarari to‘g‘risida aholining xabardorligi oshirib borilmoqda.
‼️ Shu o‘rinda Sog‘liqni saqlash vazirligi har qanday tamaki mahsulotlarini chekish sog‘liq uchun xavfli ekani haqida yana bir bor ogohlantirib, bu zararli odatdan yiroq bo‘lishga chaqiradi.