Bugun Toshkent shahridagi “Frankfort” mehmonxonasi majlislar zalida O‘zbekiston Professional boks federasiyasining navbatdan tashqari konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Sport vazirligi vakillari, federasiya rahbariyati, Ijroiya qo‘mitasi a’zolari, murabbiylar, charm qo‘lqop ustalari, promouterlar hamda OAV xodimlari ishtirok etdilar.
Yig‘ilishda dastlab Federasiya bosh kotibi Oybek Mo‘minov 2022–2024 yillar va 2025 yilning birinchi choragidagi faoliyat yuzasidan hisobot berdi. Ushbu davr mobaynida federasiya yangi Ustav asosida ish yuritib, xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashga muvaffaq bo‘ldi. Xususan, O‘zbekiston Jahon boks kengashi — WBC a’zoligiga qabul qilindi. Bu tarixiy qadam milliy professional boksning yangi bosqichga ko‘tarilishida muhim poydevor bo‘ldi.
2023 yil noyabr oyida Toshkent shahri WBC'ning 61-konvensiyasiga mezbonlik qildi — bu Markaziy Osiyo va MDH tarixidagi ilk shunday anjuman bo‘ldi. Mamlakatimizga bir qator jahon boks yulduzlari tashrif buyurib, O‘zbekistonning xalqaro imidji yanada mustahkamlandi.
WBC bilan o‘rnatilgan hamkorlik natijasida yurtimizdagi musobaqalar darajasi oshib, mahalliy mutaxassislarga yangi imkoniyatlar eshigi ochildi. “WBC University” loyihasi doirasida hakamlar va texnik xodimlar uchun seminarlar tashkil etilib, 2022 yilda 40 dan ortiq mutaxassis malakasini oshirish imkoniga ega bo‘ldi. Har yili kamida 5 nafar o‘zbekistonlik mutaxassis WBC xalqaro tadbirlarida qatnashmoqda.
2022–2025 yillar oralig‘ida Toshkent va viloyatlarda 40 dan ziyod xalqaro professional boks musobaqalari o‘tkazildi. Ularda 200 dan ortiq bokschi mahorat sinovidan o‘tdi. O‘zbekistonlik sportchilar Saudiya Arabistoni, BAA, Buyuk Britaniya, AQSH, Rossiya va qo‘shni davlatlardagi turnirlarda WBC, WBA va IBF kamarlari uchun kurashib, rekord natijalarni qo‘lga kiritmoqda.
Bundan tashqari “Riyadh Season WBC Grand Prix” musobaqasini tashkil etish va o‘tkazishda ham O‘zbekiston Professional boks federasiyasi keng hamkorlik qilib kelmoqda.
Konferensiyada erishilgan yutuqlar alohida e’tirof etildi va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Shundan so‘ng, Konferensiyaning tashkiliy masalalari ko‘rib chiqildi.
Unga ko‘ra Bilol Erkinov O‘zbekiston Professional boks federasiyasi raisi etib bir ovozdan saylandi.
Shuningdek, federasiya raisi birinchi o‘rinbosari sifatida Gafur Rahimov, o‘rinbosarlar sifatida Ziyoviddin Xodjiniyozov va Umid Yakubov saylandi. Federasiya bosh kotibi sifatida Oybek Mo‘minov o‘z faoliyatini davom ettiradi.
Federasiyaning Vasiylik kengashi raisi lavozimiga O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi rahbari Qudratilla Rafiqov qayta saylandi.
Konferensiya yakunlarida Sport vaziri Adham Ikramov so‘zga chiqib, yangi rahbariyatni tabrikladi va professional boksni mamlakat miqyosida keng ommalashtirish, iqtidorli yoshlarni saralash, xalqaro aloqalarni kengaytirish borasida vazirlik doimo hamkorlikka tayyorligini bildirdi.