Emmanuyel Makron Fransiyaning TF1 telekanaliga bergan intervyusida Ukrainadagi urush bilan bog‘liq bir qator masalalarga to‘xtaldi.
Makronning fikricha, Ukrainada uzoq muddatli otashkesim zarur, chunki bu Ukraina uchun eng qulay pozisiyada muzokaralarni qayta boshlash imkonini beradi.
"O‘t ochishni to‘xtatish — bu eng yaxshi gumanitar vaziyatni ta’minlaydigan va hududiy masalalarni hal qilishga imkon beradigan muhokamalarga qaytishga zamin yaratadigan omildir. Ammo ukrainaliklarning o‘zlari ham 2014 yildan beri yo‘qotilgan barcha hududlarni qaytarib olish imkoniyatlari yo‘qligini yaxshi tushunib yetishgan", — dedi Fransiya prezidenti.
Fransuz yetakchisi Rossiyaga nisbatan ko‘plab sanksiyalar joriy etilganini eslatdi, shu bilan birga, agar Rossiya 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatishga istamasa, Yevropa yetakchilari yaqin kunlarda AQSh bilan hamkorlikda yangi sanksiyalar joriy etishni muhokama qilishini bildirdi.
Makron, shuningdek, Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini musodara qilishga qarshi ekanligini aytdi. Uning fikricha, bunday choralar uchun “huquqiy asoslar” mavjud emas.
Fransiya prezidentining aytishicha, Ukraina bo‘yicha tinchlik bitimi imzolanganidan so‘ng BMT tinchlikparvarlik mandati yoki xavfsizlikni ta’minlash kuchlari masalasi kun tartibiga chiqadi. Uning fikricha, “front chizig‘idan uzoq hududlarga” joylashtiriladigan bunday kuchlar “Rossiyani mojaroni davom ettirishdan tiyib turishi” mumkin. Biroq u xavfsizlikning birinchi kafolati kuchli Ukraina armiyasi bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.