Zelenskiy agar kamida 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish e’lon qilinsa, tinchlik rejasini referendumga qo‘yishga tayyor ekanini aytdi.
Ukraina prezidenti Axios nashriga bergan bayonotida yakshanba kuni bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan urushni to‘xtatish bo‘yicha asosiy kelishuvni muvofiqlashtirishga umid qilayotganini aytdi.
Zelenskiy, shuningdek, agar Rossiya kamida 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lsa, ushbu reja variantini referendumga chiqarishga tayyor ekanini bildirdi.
Nashrning ta’kidlashicha, Zelenskiy sezilarli taraqqiyotga erishilganini aytayotgan bo‘lsa-da, Trampning rejasi hanuz Ukrainadan og‘riqli hududiy yon berishlarni talab qilmoqda. Ukraina prezidenti bu shartlarni yaxshilashga umid qilmoqda. Uning aytishicha, agar hududiy masalada “kuchli” pozisiyani egallay olmasa, u holda Ukraina xalqining roziligini olishi kerak bo‘ladi.
Axios'ning yozishicha, AQSh tomoni Zelenskiyning referendum o‘tkazishga tayyorligini, shuningdek, uning hududiy yon berishlarni endi butunlay inkor etmayotganini muhim qadam sifatida baholamoqda.
Zelenskiy bunday referendumni o‘tkazish jiddiy siyosiy, logistika va xavfsizlik muammolari bilan bog‘liq bo‘lishini ta’kidladi. U referendumni tayyorlash va o‘tkazish uchun 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish “eng kamida zarur muddat” ekanini aytdi.
Yuqori martabali amerikalik amaldor Axios'ga Rossiya tomoni Zelenskiy ovoz berishni boshlab yuborsa, o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lishi mumkinligini, biroq yanada qisqaroq sulh muddatini istayotganini bildirgan.