Deputatlarning Navoiy viloyatining Zarafshon shahri aholisi bilan muloqotlarida ham dolzarb masalalar o‘rtaga tashlangan edi. Shahar hududidagi chiqindilar o‘z vaqtida olib ketilmayotgani, buning natijasida atrof ifloslanayotgani ana shulardan biridir.
Shahar markaziy chiqindixona holati deputatlar tomonidan tahlil etilganda, chiqindilar ko‘milmayotgani natijasida polietilen chiqindilar shamol orqali 2 kilometrlikdan ortiq radiusda hududlarga yoyilib ketishi tufayli atrof-muhit ifloslanayotgani ma’lum bo‘ldi.
Aniqlanishicha, chiqindilarni saralash yoki qayta ishlash yo‘lga qo‘yilmagan, chiqindixonaga olib boruvchi yo‘lning atrofida noqonuniy chiqindixonalar vujudga kelgan. Ushbu salbiy holatlar Rohat hamda Yangi Zarafshon posyolkalarida istiqomat qilayotgan aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Zarafshon shahar “Toza hudud” davlat unitar korxonasi bilan shartnoma tuzgan aholi va yuridik shaxslardan o‘z vaqtida to‘lovlar undirilishiga qaramasdan, chiqindilar o‘z vaqtida olib chiqib ketilmayapti. Buning asosiy sababi ishchilar soni hamda texnika yetishmasligidir. Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi Qonunning 15-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisiga Navoiy viloyatining Zarafshon shahridagi “Toza hudud” DUKni yetarlicha texnika hamda ishchi-xodimlar bilan ta’minlash, korxonaga tegishli shart-sharoitlarni yaratib berish, xizmat ko‘rsatish qamrovini kengaytirish, markaziy chiqindixonani talab darajasiga keltirish, chiqindilarni qayta ishlash va noqonuniy chiqindixonalarni bartaraf etish yuzasidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar xususida asoslantirilgan yozma ma’lumot berishini so‘rab, deputatlik so‘rovi yuborildi.
Ayni paytda ushbu so‘rovlarga javoblar kutilmoqda.
Manba: xs.uz