Bugun 27 noyabr, 2026 yil, juma

КИР

Zamonamiz qirollari

A A A
Zamonamiz qirollari

Men: “Siz Eron shohi Kisro, Vizantiya imperatori Gerakl va Misr qiroli Fir’avn hayotidan ko‘ra farovonroq hayotnda yashamoqdasiz!” – desam ishonmaysiz. Biroq, bu – haqiqatdir!!!

Chunki Fir’avn ega bo‘la olgan eng yaxshi naqliyot vositasi ot sudrab yuradigan arava edi! Siz esa xususiy mashinangiz bo‘lishiga qaramay, poyezdga o‘tirishingiz yoki uchoqdagi bironta o‘rindiqqa buyurtma berishingiz mumkin!

Eron imperatori saroyini sham va moyli chiroqlar bilan yoritgan bo‘lsa, siz uyingizni qahrabo bilan yorityapsiz!

Vizantiya imperatori meshkobchilar meshlarda olib kelgan suvni iste’mol qilar edi. Siz esa xonadoningizgacha tortilgan quvurlar orqali jo‘mrakka chiqayotgan suvni ichyapsiz!

Imperator Vilgelmning masxarabozlari bor edi… Siz oynai jahonda millionlab masxarabozlarni ko‘rish bilan ko‘ngilxushlik qilyapsiz!

Lyudovik XIV ning fransuz oshxonasining eng tansiq taomlarini tayyorlab beradigan bittagina mohir oshpazi bor edi! Siz o‘tirgan uyning past qavatlarida esa xitoy, olmon va yapon oshxonalari, qaynatilgan yoki qovurilgan go‘sht mahsulotlari, tuzlama, murabbo, quyuq murabbo (djem) va boshqa shirinliklar sotiladigan do‘konlar bor.

Avgustdagi jazirama issiq taftini paysaytirish uchun, qullar, xalifani tuyaqushning patlaridan tayyorlangan yelpig‘ich bilan yelpishardi. Sizning uyingizda esa, yelpig‘ichlar o‘rniga, qahrabo tugmachasiga barmoqlaringiz tegishi bilanoq uyingizdagi havoni so‘limgohga aylantiradigan sovutgichlar bor!

Siz – qirolsiz! Yashab o‘tgan barcha imperatorlar sizga qiyoslanganida yumronqoziq hayotini yashagandek bo‘lib ko‘rinishadi.

Biroq, biz juda ham ahmoq qirollarmiz. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ichida suzib yurganimiz ushbu ne’matlar bilan ham baxtiqaromiz.

Bitta mashinasi bo‘lgan birodarimiz, ikkita mashinasi bo‘lgan odamga hasad bilan qaraydi.

Ikkita mashinasi bo‘lgani esa ichi yonib yig‘laydi. Chunki, qo‘shnisining samolyoti bor.

Samolyoti bo‘lgan esa Onanisga o‘lgudek hasad qilib bo‘zlaydi. Chunki, Onanisning aeroporti bor.

Nozanin rafiqasi bo‘lgan erkakning ko‘zi esa, qo‘shnisining xotinida!

Oxiri, birimiz boshqasining molini hasad va gina bilan o‘marsak, boshqalarimiz birovlarni o‘ldirmoqda!!

Shunday farovonlik bo‘lishiga qaramay atom bombasini otmoqdamiz. O‘z uyimizga o‘z qo‘limiz bilan o‘t qo‘ymoqdamiz. Keyin esa: Ijtimoiy adolat yo‘q, – deya hayqirmoqdamiz. Talabalar dorulfununlarni, ishchilar esa korxonalarni vayron qilishmoqda.

Bo‘lib o‘tgan (talaygina) urushlarga adolat emas, gina va adovat sabab bo‘lgan. Shaxslar uchun naqadar farovonlik yaratilmasin, bir-birlarini o‘ldiraverishgan. Chunki har bir shaxs o‘z qo‘lidagi narsalarga emas, boshqalarning qo‘lidagi narsalarga qaragan! Holbuki, odamlar (xususiy mulkda) hech qachon teng bo‘la olmaydilar!

Maoshingiz ikki baravariga oshirilsa, maoshi uch baravar oshirilgan odamga qaraysiz va achchiqlanasiz, o‘zingizni bosa olmaysiz va alamingizga chiday olmay “to‘pponcha” sotib olasiz.

Biz qirollardek yashamoqdamiz… Bu, to‘g‘ri… Lekin, hanuz hayvonot tuyg‘ulari bilan fikr yuritmoqdamiz.

Taraqqiyotimiz madaniydek ko‘rinsada, madaniyat nuqtai nazaridan qoloqmiz.

Odamzot farovonligi yuksaldi, biroq, sevgi va shafqat ko‘rsatishda sinfda qoldi.

Siz qirolsiz!.. Bu, to‘g‘ri... Biroq, qirollarning eng baxtiqarosisiz!

Ozgina o‘ylab ko‘ring va vaqt o‘tishidan ilgari hushingizni to‘plang!

Ustimizdan yog‘ilgan Allohning ne’matlarini bilaylik va ular uchun Alloh taologa ko‘plab hamdu sanolar aytaylik. Boshqalarning xalqlarni yemirgan gina va adovatlariga qaramaylik…

Manba: azon.uz

Kiritildi: 19:15 25.08.2018. O'qildi: 1646 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik