Toshkent metropolitenining «Yunusobod» yo‘lida 18 dekabr kuni yuz bergan avariya oqibatida kamida besh kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
Jamoatchilik vakillari ushbu voqeaga faol munosabat bildirmoqda. Xususan, Telegram’dagi «Xolis fikr» kanali muallifi butun mamlakatning diqqati qaratilgan ushbu voqeani mamlakatning bosh yangiliklar telekanali — «O‘zbekiston 24» e’tiborsiz qoldirganini ta’kidlagan.
Hammani qayg‘uga solgan bu ko‘ngilsiz hodisaga davlat telekanallari negadir e’tibor qaratgisi kelmayapti. «O‘zbekiston 24»ning salkam bir soat davom etgan «Axborot»ida ham voqea haqida lom-mim deyilmadi. Harom ichakday cho‘zilgan dastur bayramoldi yarmarkalardagi arzonlashtirilgan mahsulotlar sotilayotganiga bag‘ishlangan syujet bilan yakunlandi.
Tunu-kun axborot uzatishga ixtisoslashgan telekanal jamoasining nega metro qurilishidagi baxtsiz hodisani yoritishga jur’ati yetmayapti? Nima uchun aqalli ular hukumat farmoyishi, vazirlik va idoralarning rasmiy xabarlarini berishni ham o‘zlariga ep ko‘rmayapti? Telekanalning bir chetda tomoshabin bo‘lib o‘tirishining sababi nimada ekan?
«Xolis fikr» Telegram-kanali
Ma’lumot uchun, Uzreport, Sevimli, «Yoshlar» telekanallari voqea joyidan reportajlar tayyorladi. Uzreport va Sevimli muxbirlari hodisa joyidagi rasmiylardan avariya haqida axborot ololmaganini ma’lum qilgan.