Yunusobod metro qurilishida sodir bo‘lgan falokatdan qanday xulosalar chiqarish va bunday baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun nimalarga e’tibor qaratish zarur?
Fojialar insoniylik tuyg‘ularini harakatga keltirishi bilan ijtimoiy ongni uyg‘otish kuchiga ega. Bir qancha omillar, sabablar, e’tiborsizliklar zaminidan o‘sib chiqqan muammolar tuzatib bo‘lmas falokatlarni keltirib chiqaradi. Prokuratura va sud tergovlari faktlarni o‘rganib yakuniy xulosani jamoatchilikka ochiq va to‘laligicha yetkazadilar degan umiddamiz. Lekin ungacha ba’zi ko‘zga tashlanib turgan muammolar va ularning yechimlarini aytib o‘tish mumkin.
1. Sovetcha shoshqaloqlik muammosi
Ushbu hodisa haqidagi xabar ko‘pchilik xayoliga birinchi kelgan narsa “bayram sanasiga bitishi zarur!” degan mantiqsiz shoshqaloqlikni yodga soldi. “Yangi yil”, Navro‘z, Mustaqillik nishonlash kunlariga bag‘ishlab ob’ektlar topshirilishiga urinish hamon eski “Sovet Ittifoqining falonchi yilligi”, “besh yillik rejani muddatidan avval bajarish”, “G‘alaba kuni”ga yakunlashni mo‘ljallab qurilish ishlarini rejalash an’anasidan kelyapti. Bunday uslub insonlarni mehnatga moddiy va ma’naviy rag‘batlantirishni uddalay olinmagan sharoitda vaqtincha samara bergan, shunda ham turli halokatlarga sabab bo‘lgan.
Echim: Bunday yondashuvdan butkul voz kechish, uning salbiy oqibatlari haqida boxabar bo‘lish, uning o‘rniga zamonaviy, mas’uliyatli tafakkurni ilgari surish.
2. Qurilish texnik me’yorlarining muntazam buzilishi
Qurilish tashkilotida olgan tajribamdan kelib chiqib, bir oddiygina lekin o‘ta qimmatli haqiqat bilan bo‘lishsam: sifatli natija faqat sifatli jarayondan tug‘iladi. Sifatli jarayon mutaxassislar belgilab qo‘ygan texnik va texnologik me’yorlarga jiddiylik bilan rioya qilishni anglatadi. Agar bu me’yorlar bir martagina bo‘lsa-da rahbar tarafdan buzishga yo‘l qo‘yilsa quyiroq pog‘onalarda tinimsiz me’yorbuzarlik amaliyoti boshlanib ketadi va katta falokatlarga sabab bo‘ladi.
Echim: buyurtmachi tashkilot va davlat idorasi taraflaridan texnik nazorat muntazam amalga oshirilishi, rahbarlardan tortib oddiy ishchigacha bu normativlarga rioya qilishni qat’iylik bilan talab qilish. Qurilish materiallari va asbob-uskunalari belgilangan texnik talablarga javob beradiganlarini ishlatish.
3. Xavfsizlik qoidalarining buzilishi
Ehtiyotkorlik va sog‘liqni asrash qoidalari “qon bilan yozilgan” deyiladi. Ya’ni insoniyatning ko‘p asrlik tajribasidan kelib chiqqan ehtiyotkorlik choralari turli halokatlarni qaytarmaslik uchun belgilangan. Xavfsizlik qoidalarni bir-ikki buzganda hech nima bo‘lmasligi bilan aldanib, ehtiyotsizlik va befarqlik odatini ommaviylashtiradi va qurbonlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Echim: Bu nihoyatda jiddiy masala muntazam nazorat, ishchi xodimlarning texnik xavfsizlik bilimlarini oshirish va ularni sinashni talab etadi. Tajriba shuni ko‘rsatadiki, xavfsizlik qoidalariga rioya qilish nafaqat hayot va sog‘liqni asraydi balki qurilish ishlarining sifatli amalga oshirilishini ham ta’minlaydi.
4. Mehnat huquqlarining buzilishi
Adolatsizlarcha kam maosh; qo‘shimcha soatlarda ishlab berishga majburlash; sifatsiz ozuqa, yotoq va ishchi kiyim bilan ta’minlash va shuningdek quruvchilarga nisbatan qo‘pol muomilada bo‘lish bularning hammasi mehnat bilan bog‘liq insoniy huquqlarni poymol qilishdir. Huquqlar fojiaga sabab bo‘lish bo‘lmasligidan qat’iy nazar buzilmasligi shartligi ayon. Lekin fojialar zaminida aynan shunday holatlar katta rol o‘ynaydi.
Echim: Mehnat huquqlari mehnat shartnomalari xujjatlari bilan belgilanib uni ishchilar jamoasi, kasaba uyushmalari, davlat mehnat inspeksiyasi tarafidan davomiy nazorat qilib borilishi; yog‘ingarchilik sharoitlarida xavfli ishlarni to‘xtatib turishni talab qilish; ommaviy axborot vositalarida huquqbuzarlik holatlari va ularga oid surishtiruv ishlarini yoritish. So‘lchi partiyalar va kasaba uyushmalari bunda o‘z hissalarni ko‘proq qo‘shsalar yaxshi bo‘lar edi.
5. Korrupsiya
Qurilish sohasi korrupsiya uchun eng qulay iqlimga egaligi ko‘pchilikka mashhur fakt. Qurilishda yetuk tajriba va zamonaviy boshqaruv tizimiga ega bo‘lmagan genpudratchi tenderda qalloblik bilan g‘olib bo‘lib, tanish-bilishchilik orqali subpudrat va sub-subpudrat qurilish tashkilotlarini yollaydi, ulardan “otkat” talab qiladi; qurilish ishlari uchun ajratilgan mablag‘lar nomaqsadli ishlatib yuboriladi, masalan boshqa puli yeyilib ketgan ob’ektga yo‘naltiradi yoki oddiygina o‘g‘irlaydi. Qurilish sur’ati pasayadi, ko‘plab texnik xatolarga yo‘l qo‘yiladi, arzon sifatsiz materiallar va malakasiz brigadalar yollanadi. Tizimga aylangan illatli holat turli noxushliklar va falokatlarni keltirib chiqaradi.
Echim: Antikorrupsion, shaffof tenderlar tizimini joriy qilish. Qurilish ishlariga mas’ul rahbarlar va mutaxassislarni attestasiyadan o‘tkazish, ularning tarjimai hollarini tekshirish va h.k.
6. Qoloq boshqaruv uslublari va kadrlar muammosi
Mansabida qotib qolgan eski rahbarlar sovet zehniyati ostida bo‘lib, ish jarayonlari samaradorligini oshirish, risklarni boshqarish (risk menejmenti) tizimlarini qo‘llashga urinmaydilar. Ularning asosiy rahbarlik uslubiyati bolsheviklardan qolgan ma’muriy buyruqbozlik va norasmiy “ko‘cha tushunchalariga”ga asoslangan. O‘z navbatida ularning o‘zlari aynan shunday muomila qilinishga o‘rgangan va o‘zlariga o‘xshagan yangi kadrlarni qoldirib ketadilar.
Echim: (1) Zudlik bilan xorijdan professional qurilish boshqaruvchilarini yollash (ular xoh vatandosh bo‘lsin yoki bo‘lmasin) va ularga yangi boshqaruv tizimlarini joriy qilishni yuklash. (2) Loyihalar boshqaruvi (project management) milliy maktabini ochib, unda jahonning eng ilg‘or boshqaruv andozalari (PMI, Prince2, ISO, P2M va boshqalar) asosida yosh mutxassislarni tayyorlaydigan o‘quv dasturlarini joriy qilish. (3) Pudratchi shirkat yollanilayotganida undagi boshqaruvchi xodimlar malakasiga e’tibor berish.
Yuqorida keltirilgan takliflar inobatga olinishi, albatta, davlat rahbarlari, siyosiy partiyalar, jamoatchilik faollari ixtiyorida. Biz o‘zimizning mulohaza va g‘oyalarimiz bilan bo‘lishib qo‘yaveramiz.
Falokatda vafot etgan vatandoshlarimizni Alloh rahmat qilsin. Yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etib, ularga sabru jamil tilayman.