Mahoratli aktrisa Yulduz Rajabova «Taraflar» loyihasiga bergan intervyusida o‘zining ichki kechinmalari va eng og‘ir damlarda unga kuch bergan motivasiya haqida gapirib berdi. Aktrisaning samimiy iqrori ijtimoiy tarmoqlarda katta aks-sado bermoqda.
Yulduz Rajabovaning ta’kidlashicha, hayotidagi eng murakkab pallalarda birgina jumla uning dunyoqarashini o‘zgartirib yuborgan:
«Hayotda bundanam og‘ir bo‘ladi. Hamma narsaga tayyor tur, — degan gap meni qanday qilib oyoqqa turg‘izganini bilmaysiz», — deydi aktrisa.
Bu oddiy ko‘ringan, ammo zamirida ulkan haqiqat yotgan so‘zlar aktrisani irodasini toblashga va sinovlarga tik boqishga o‘rgatgan.
Aktrisa suhbat davomida nafaqat o‘z muammolari, balki atrofdagilarga mehr ko‘rsatish naqadar muhimligiga ham to‘xtalib o‘tdi: — Har bir insonning hayotida o‘ziga yarasha muammosi, og‘ir dardi bor. Bugun yordamga muhtoj qalblar juda ko‘p. Sizning birgina tabassumingiz yoki «kel, men senga yordam beraman» degan dalda beruvchi so‘zingiz o‘sha insonni yiqilgan joyidan turg‘izishi, uni qayta tiriltirishi mumkin.
Yulduz Rajabovaning ushbu falsafiy va ta’sirli fikrlari muxlislar tomonidan iliq kutib olindi. Foydalanuvchilar ijtimoiy tarmoqlarda aktrisaning fidokorligi va ma’naviy boyligiga tan berib, insoniylik va mehr-oqibat haqidagi so‘zlarini yuqori baholashmoqda.