Bugun 30 may, 2025 yil, juma

КИР

Yo‘l qoidasiga rioya qilmagan haydovchi 73ta qo‘yni o‘ldirdi

A A A
Yo‘l qoidasiga rioya qilmagan haydovchi 73ta qo‘yni o‘ldirdi

Qoidabuzarning boshqaruvidagi avtomashina 73 bosh qo‘y va 1 bosh echkini bosib ketib, nobud qilgani uchun haydovchi jabrlanuvchilarga 91 900 000 so‘m to‘lagan.

Yo‘l qoidasi — umr foydasi. Haydovchi va yo‘lovchilarga birdek taalluqli bu hikmatli iborani kundalik hayotimiz har qadamda tasdiqlab turibdi. Ammo ba’zi bir haydovchilar yo‘l qoidasini buzib, aziyat chekmagunicha bu haqiqatni his qilmasligi afsuslanarlidir.

Ma’lumki, Qamchiq dovoni Farg‘ona vodiysini mamlakatimiz poytaxti va boshqa viloyatlar bilan bog‘lab turuvchi hudud sanaladi. Dovonda harakatlanish har qanday haydovchidan o‘ta hushyorlik va eh­tiyotkorlikni talab etadi. Lekin jizzaxlik O‘roljon Quvvatov Qamchiq dovonida ehtiyotsizligi va yo‘l qoi­dasiga amal qilmagani tu­fayli jid­­diy pand yedi.

Sud majlisida aniqlanishicha, O‘. Quvvatov 2018 yil 10 sentyabr kuni ertalab hamrohi Oybek Irisaliyev bilan birga "Isuzu" rusumli avtomashinasiga Andijon viloyatidan 16 ming 640 kilogramm bug‘doyni yuklab yo‘lga chiqadi.

Soat 12:30 atrofida "Toshkent-O‘sh" avtomobil yo‘lining 227-kilometrida, ya’ni "Qam­chiq" tonnelidan o‘tib, past­ga tushayotganida cho‘pon Otabek Qirg‘izov 3 nafar sherigi bilan birga haydab kelayotgan qo‘y-echkilar podasiga duch keladi.

Shunda O‘. Quvvatov avtomashina boshqaruvini yo‘qotib qo‘yadi. Chunki u Yo‘l harakati qoidalarining 77-bandidagi haydovchi harakatning serqatnovligini, transport vositasi va yukning xususiya­ti ham­da holatini, yo‘l va ob-havo sharoitini, shuningdek, harakatlanish yo‘nalishidagi ko‘­rinishni hisobga olgan holda transport vositasini belgilangan tezlikdan oshirmasdan boshqarishi kerak, degan qat’iy talabga rioya qilmaydi. Oqi­batda uning boshqaruvidagi avtomashina 73 bosh qo‘y va 1 bosh echkini bosib ketib, nobud qiladi. Qolaversa, avtomashinaga ham jiddiy zarar yetadi.

Shundan so‘ng Namangan viloyati IIB yo‘l harakati xavf­sizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan voqea joyi ko‘zdan kechirilib, ho­lat yuzasidan tegishli bayonnoma va hujjatlar rasmiylashtiriladi.

"Biznes madad hamkor" mas’uliyati cheklangan ja­miya­tining 2018 yil 15 sentyabrdagi xulosasiga ko‘ra, Jizzaxdagi "Aka-uka savdo" mas’uliyati cheklangan ja­miya­tiga tegishli bo‘lgan avtomashinaga 7 434 000 so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan.

Qolaversa, mutaxassis xulosasi ham avtomashinaga me’yoridan 6 tonna ortiq bug‘doy yuklanganini tasdiqladi. Eng asosiysi, nobud qi­lingan 73 bosh qo‘y egalari jami 91 900 000 so‘m miqdorida moddiy zarar ko‘rishgan.

Ana shu asoslarga ko‘ra, hu­quqbuzar O‘. Quvvatovga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 133-moddasi va 135-moddasi 1-qismi bilan hujjatlar rasmiylashtirilib, Pop tuman ma’muriy sudiga taqdim etilgan.

Sud majlisida avtomashina egasi — "Aka-uka savdo" mas’uliyati cheklangan jamiya­ti rahbari Ergash Mahmudov ko‘rsatma berib, Oybek Irisaliyevga avtomashinani boshqarish huquqi berilganligi, bi­roq O‘.Quvvatovga bunday huquq berilmagani, avtomashinaga yetkazilgan zarar bo‘yicha da’vosi yo‘q­ligini ma’lum qildi.

Binobarin, sud O‘. Quvvatovni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 133-moddasi va 135-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan hu­quqbuzarlikni sodir etgan deb topdi. Unga 2 yil muddatga transport vositasini bosh­qarish huquqidan mahrum qi­lish va eng kam oylik ish ha­qining ikkidan bir qismi miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Shuningdek, O‘. Quvvatovdan 73 bosh qo‘y egalariga 91 600 000 so‘m, O. Qirg‘izovga esa, 1 bosh echki uchun 300 000 so‘m miqdorida moddiy zarar undirildi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, yuz bergan yo‘l-transport hodisasida cho‘ponlarning ham aybi yo‘q emas. Negaki, Yo‘l harakati qoidalarining 121-bandiga muvofiq avtomagistralda piyodalar, uy hayvonlari, ot-aravalar, velosipedlar, mopedlar, traktorlar va o‘zi yurar avtomobillar, texnik tavsifnomaga yoki ho­latiga ko‘­ra­, tezligi soatiga 40 kilometrdan kam bo‘lgan transport vositalarining harakatlanishi taqiqlanadi.

Yo‘l harakati qoidalarining 173-bandiga binoan esa, aravani boshqarayotgan, miniladigan yoki yuk ortilgan hayvonlarni va podani haydab borayotgan shaxslarga yo‘l­larda hayvonlarni nazoratsiz qoldirish, podani temir yo‘ldan va yo‘lda maxsus ajratilmagan joylardan, shuning­dek, ruxsat etilgan joylarda esa, qorong‘i vaqtda va yetarli ko‘rinmaslik sharoitida haydab o‘tish, boshqa yo‘llar bo‘lganda hayvonlarni mukammal qoplamali yo‘llarda haydab borish mumkin emas.

Sodda qilib aytganda, Qam­chiq dovoni orqali hayvonlarni transportda tashish ta­lab etiladi. Shu bois sud Ma’muriy javobgarlik to‘g‘­risidagi kodeksning 313-moddasi talabidan kelib chi­qib, qonunbuzilish holati va bunga shart-sharoit yaratgan omillarni bar­ta­raf etish yuzasidan Namangan viloyati IIB yo‘l ha­rakati xavfsizligi boshqarmasiga taqdimnoma ham kiritdi.

Albatta, tilga olingan voqeadan barcha haydovchilar o‘z­lariga tegishli xulosa chi­qa­rib olishsa, foydadan xo­li bo‘lmasdi. Ayniqsa, o‘lkamizga eshik qoqib kirib kelayotgan qish faslida yo‘l­larda yanada hushyor bo‘lish va ehtiyotkorlik bilan harakatlanish talab qilinadi. Ze­ro, yo‘ldagi kichik bir ehtiyotsizlik ham katta tashvishlar tug‘dirishi, eng yomoni, inson um­riga zomin bo‘lishi mumkin.

Buni aslo unutmasligimiz shart.

Samadjon QODIROV,

Pop tumani ma’muriy sudining raisi

Manba: uznews.uz

Kiritildi: 16:53 30.11.2018. O'qildi: 2024 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!