O‘zbekistonda yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va bandligini ta’minlash maqsadida yangi moliyalashtirish dasturi joriy etiladi. Unga ko‘ra, 31 yoshga to‘lmagan fuqarolarning biznes tashabbuslariga 100 mln so‘mgacha mablag‘ ajratiladi.
Prezidentning “Tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash orqali yoshlar bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq, AT «Aloqabank» tomonidan «Yoshlar biznesi» dasturi doirasida 31 yoshga to‘lmagan fuqarolarning tadbirkorlik tashabbuslarini moliyalashtirish mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi. Mablag‘lar 7 yilgacha muddatga, asosiy qarz bo‘yicha 1 yilgacha va foiz to‘lovlari bo‘yicha 3 oygacha imtiyozli davr bilan ajratiladi.
Dastur doirasida sug‘urta polisi yoki uchinchi shaxs kafilligi asosida turli yo‘nalishlarda mablag‘ olish mumkin bo‘ladi.
Jumladan, xorijiy tillar, raqamli texnologiyalar va zamonaviy kasb-hunarlarni o‘rganish xarajatlarini qoplash uchun 20 mln so‘mgacha mablag‘ ajratiladi.
Ijtimoiy tarmoqlar marketingi, mobilografiya, frilans, onlayn do‘konlar tashkil etish va o‘zini o‘zi band qilishga qaratilgan loyihalar uchun esa 50 mln so‘mgacha mablag‘ berish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, kasanachilik, tikuvchilik, to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash bilan bog‘liq loyihalar ham 50 mln so‘mgacha moliyalashtiriladi.
Novvoychilik va qandolatchilik mahsulotlarini tayyorlash hamda sotishga ixtisoslashgan loyihalar uchun eng yuqori miqdor — 100 mln so‘mgacha mablag‘ ajratilishi belgilangan.