Tolha ibn Abdurrohman ibn Avf o‘z zamonasida Qurayshning eng saxovatli kishisi edi.
Bir kuni unga xotini:
- "Sizning birodarlaringizdek pastkash insonlarni ko‘rmaganman” - dedi.
U:
- Nima uchun bunday deyapsan?” - dedi.
Xotini:
- Agar siz boyib ketsangiz, ular sizdan ajralishmaydi, agar siz kambag‘al bo‘lib qolsangiz, (xabar olib) kelishmaydi” - dedi.
Tolha xotiniga qarab:
- Allohga qasamki, bu ularning mukarram xulq sohiblari ekanidandir. Ularga saxovat ko‘rsatishga imkonimiz bor paytda kelishadi, agar ularning haqqini ado qilishdan ojiz bo‘lib qolsak, (bizni bezovta qilib, xijolatga qo‘ymaslik uchun) kelishmaydi” - deb javob berdi.
Imom Movardiy ushbu qissaga qo‘shimcha qilib shunday deydi:
- Uning oliyjanoblik bilan qilgan ta’vilini qarang! Birodarlarining xunuk ishlaridan yaxshilikni gumon qilyapti, xiyonatlarini esa vafo deb ta’vil qilyapti. Allohga qasamki, bu – sog‘lom qalbning dunyoda rohat, oxiratda esa muvaffaqiyat ekaniga dalolat qiladi. Bu ham jannatga kirish sabablaridan biridir!!!
Salaf solihlardan biri:
“Agar do‘stlarimdan birining soqolidan xamr (ya’ni vino) tomib turganini ko‘rsam, unga sepib yuborilgandir, deb o‘ylayman, agar uning tog‘ning tepasida turib olib: “أَنَا رَبُّكُمُ الْأَعْلَى” (ya’ni, men sizlarning oliy Robbingizman), deyotganini ko‘rsam, Qur’on oyatini o‘qiyotgan bo‘lsa kerak, deb gumon qilaman.” - degan ekan.
Ulamolar aytadilar:
“Allohga qasamki, bandaga o‘zining amalidagi niyatini bilishi qiyinku, qanday qilib u xaloyiqning niyatini bilishga imkon topa oladi?”.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu aytganlar:
“Birodaring og‘zidan chiqqan so‘zdan birorta yaxshilikni gumon qilishga imkoning bo‘lsa, u so‘zdan yomonlikni gumon qilmagin!”.
Ibn Siyrin rohmatullohi alayhi aytganlar:
“Birodaring haqida biron narsa eshitsang, uning uzrini qidir. Agar unga uzr topa olmasang, “Balki men bilmaydigan uzri bordir” - degin”.
Demak, do‘stlarimiz haqida imkon qadar yaxshi gumonda bo‘lishimiz kerak.
Ijtimoiy tarmoqdan