Ukrainalik harbiy ekspert Aleksand Kovalenkoning ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar oyida Rossiya jami 91 ta ballistik zarba vositasidan foydalangan. Ukraina shulardan taxminan uchdan birini yo‘q qilishga erishgan.
Oyning birinchi haftasida Rossiya tomonidan 18 ta ballistik raketa uchirilgan, lekin faqat bitta nishon yo‘q qilingan. Yanvarning ikkinchi haftasida 38 ta 9M723 va KN-23 raketalari, shuningdek, S-300 komplekslarining 5V55 raketalari ishlatilgan. Ulardan 11 tasi yo‘q qilingan.
Uchinchi haftada uchirilgan 23 ta ballistik raketadan 14 tasi yo‘q qilingan. Oyning oxirgi haftasi va qolgan kunlarda uchirilgan 12 ta raketadan beshtasi yo‘q qilingan.
Kovalenko bu Ukraina-Rossiya urushi davridagi eng yuqori ko‘rsatkich ekanini, oldingi rekord 2025 yil oktabr oyida 89 ta raketa bilan qayd etilganini yozgan.
Ekspertning ta’kidlashicha, ballistik raketalar amalda zarbalar berishning asosiy vositasiga aylanib, X-101 va 3M14 “Kalibr” qanotli raketalarini orqaga surib qo‘ygan. Rossiya armiyasi Ukrainaga zarbalar uchun ballistik raketalarni qanotli raketalarga nisbatan deyarli 2,5 baravar ko‘proq ishlatadi va amalda deyarli har kuni qo‘llaydi.
Kovalenko ballistik raketalarga qarshi choralar ko‘rish 2026 yilda Ukraina havo mudofaa tizimi uchun asosiy chaqiriqlardan biriga aylanishi mumkinligini, chunki Moskva bunday zarbalarni kengaytirishga urg‘u berayotganini bildirdi.