Bugun 3 sentyabr, 2025 yil, chorshanba

КИР

Yangi koronavirus O‘zbekistonga xavf soladimi?

A A A
Yangi koronavirus O‘zbekistonga xavf soladimi?

Hozirda Buyuk Britaniya olimlari u yerda koronavirusning yangilangan shtammi tarqalayotgani haqida aytishmoqda. Ularning ta’kidlashicha,  bu turning avvalgi koronavirus infeksiyasiga nisbatan yuqumliligi 71 foiz bo‘lib, odatiy COVID-19ga qaraganda o‘ta yuqumlidir. 

Shundan kelib chiqib, qator mamlakatlar Buyuk Britaniya bilan aviaqatnovlarni vaqtincha to‘xtatib turibdi. Xo‘sh, dunyo ahlini tahlikaga solib turgan koronavirusning mutasiyaga uchragan shtammi qanchalik xavfli, u infeksiyaning hozirgi shaklidan qanday farq qiladi? SSV Matbuot xizmatining shu kabi savollariga vazirlik huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayeva javob berdi:

—  Biz shuni unutmasligimiz kerakki, har qanday virus atrof-muhitga moslashish davrida mutasiyaga uchraydi. Mutasiyaning qanchalik keng ko‘lamda bo‘lishi virusning tarqaluvchanligi bilan bog‘liq, ya’ni kasallikni yuqtirgan har uchinchi, to‘rtinchi odamda bu virus mutasiyasi kuzatiladi. Koronavirusning keng tarqalayotgan mutasion shtammi sentyabr oyida birinchi bor Buyuk Britaniyada aniqlangan, bugungi kunda 60 nafardan ortiq provinsiyada bu shtamm kuzatilayotgani haqida ma’lumotlar mavjud. 

Olimlarni kuzatishi bo‘yicha COVID-19ning mazkur shtammi ko‘proq bolalar va yoshlarda aniqlanmoqda hamda kasallik belgilarida deyarli o‘zgarish yo‘q. Lekin bu shtamm aniqlanganiga xali ko‘p vaqt bo‘lmagani bois, kasallikning og‘ir va o‘ta og‘ir darajada kechuvi haqida ma’lumotlar yetarli emas. Bu esa bizni yanada xushyor bo‘lishga chorlaydi.

—Koronavirusga qarshi ishlab chiqilayotgan vaksinalar kasallikning yangi shtammiga ham ta’sir qiladimi?

— Yangi shtamm tahlillari shuni ko‘rsatmoqdaki,  mutasiyadan so‘ng virusning toj oqsillarida o‘zgarish bo‘lgan — bular virusning odam tanasi hujayralari qobig‘idan o‘tib, ichkariga kirishida kalit vazifasini o‘tovchi qismidir. Virus shu tojlar  orqali tana hujayrasi yuzasi bilan kontaktga kirishadi. Ishlab chiqilayotgan vaksinalar koronavirusning tashqi qobig‘i, ya’ni yog‘ kislotasi mavjud S-oqilli qobig‘iga ta’sir qiladi. Koronavirus mutasiyaga uchrab, o‘z genetik shtammini o‘zgartirsa ham vaksinalar uning yangi shtammlariga ta’sir ko‘rsatishi to‘g‘risida Buyuk Britaniya va Rossiya olimlari ta’kidlab kelmoqda. 

Vaksina immun tizimini virusning turli tarkibiy qismlariga hujum qilish uchun tayyorlaydi, bu esa tojning muayyan qismi mutasiyaga uchrasa ham, vaksina samarasi saqlanib qolishini anglatadi. Dunyo olimlari virus vaksinaga qarshi tura oladigan mutantlarni keltirib chiqarsa, koronavirusga qarshi vaksinalarni kasallikka moslashtirib borish mumkinligi haqida aytishmoqda.

Ungacha kasallikdan himoyalanish uchun esa, doimiy ravishda karantin va shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, sog‘lom turmush tarziga amal qilish kerak. Jumladan:

— niqoblarni to‘g‘ri taqish va o‘z vaqtida almashtirish; 
— uydan tashqariga chiqqanda o‘zaro masofani saqlash; 
— qo‘llarni doim sovunlab yuvish yoki antiseptik vositalar bilan ishlov berish;
— uyga qaytganda, oila a’zolari bilan ko‘rishishdan oldin kiyimlarni almashtirish, qo‘llarni sovunlab 20 soniyadan ko‘p yuvish, tomoq va burunni 3 martadan ortiq issiqroq suvda chayish, yuzlarni yuvish;
— sog‘lom va rasional ovqatlanish, meva sabzavotlarga boy ovqat maxsulotlarini iste’mol qilish (ovqat to‘liq termik ta’sirdan o‘tgan bo‘lishi kerak);
— engil jismoniy harakatlar bilan doimiy shug‘ullanish, nafas mashqlarini bajarish va asta-sekin jismoniy faollikni ko‘paytirib borish lozim.

Eslatib o‘tamiz: yaqinda Respublika maxsus komissiyasi yurtimizda bir necha davlatlar qatori Buyuk Britaniya bilan ham aviaqatnovlarni vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha qaror qabul qilgan edi.  

Sog‘liqni saqlash vazirligi 
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

Kiritildi: 12:10 23.12.2020. O'qildi: 7014 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!