AQShning Kolorado shtati fuqarosida qora o‘lat xastaligi qayd etildi.
Bu AQShda 2015 yildan beri insonda tasdiqlangan birinchi holat, deb yozadi The Denver Post.
Biroq, hukumat shtatda o‘lat mavsumiy ekanligiga hamda xavotirlanish uchun hech qanday sabab yo‘qligiga ishontirmoqda.
O‘z navbatida, shifokorlar ham zarur choralar ko‘rilgan holda, infeksiya xavfi juda kichik ekanligini ta’kidlab, mahalliy aholiga yovvoyi hayvonlar bilan aloqa qilmaslik, shuningdek, chorva kasalliklari bilan bog‘liq har qanday holatda ham veterinarga murojaat qilishni maslahat berishmoqda.
Maqolada, shunigdek, 2015 yilda ikki kishi Koloradoda qora o‘lat qurboni bo‘lganligi qayd etilgan.
Avvalroq, Kolorado sog‘liqni saqlash rasmiylari, olmaxonda qora o‘lat bilan bog‘liq birinchi holat aniqlanganini ma’lum qilishgan edi.
Bundan tashqari, iyul oyining boshida Xitoy hukumati Mo‘g‘ulistonda qora o‘lat kasalligini tasdiqladi. Bu haqida xabar berilgandan so‘ng esa G‘arbiy Mo‘g‘ulistondagi Xovd viloyatining ikki hududi 29 iyun soat 10:00 dan boshlab noma’lum muddatga karantinga olindi.