Tegishli farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan yengil sanoat korxonalarida quvvati 5 MVtgacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalaridan foydalangan holda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining korxona ehtiyojidan ortiqcha qismini sotish tizimi joriy qilinadi.
Shuningdek, 2026 yil 1 yanvardan 2028 yil 1 yanvargacha paxta tayyorlash punktlari faoliyatining mavsumiyligi inobatga olinib, ushbu punktlarga mol-mulk va yer soliqlarini 50 foizga kamaytirilgan stavkada to‘lashga ruxsat beriladi.
Bundan tashqari, 2026 yil 1 yanvardan 2029 yil 1 yanvarga qadar qator imtiyozlar amal qiladi. Xususan:
- tijorat banklari balansidagi to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalarining mol-mulklari investorlarga realizasiya qilinganda QQSdan ozod etiladi;
- tijorat banklari balansidagi ushbu korxonalar mol-mulklarini xarid qilgan investorlarga korxonaning ishlab chiqarish faoliyatini 6 oyda to‘liq tiklash sharti bilan, 1 yil muddatga mol-mulk solig‘ini 50 foizga kamaytirilgan stavkada to‘lash huquqi beriladi;
- charm-poyabzal, mo‘ynachilik korxonalari, shuningdek chorva mollarini so‘yish va terini qayta ishlovchi tashkilotlar uchun belgilangan foyda solig‘i, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha imtiyozlar muddati uzaytiriladi.