Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Xurshid Davron: «Madaniyat va ma'rifat» baklajkaning qopqog‘ini yig‘dirib «maymun o‘ynatayotgan» TVlar darajasiga tushmoqda

Xurshid Davron: «Madaniyat va ma'rifat» baklajkaning qopqog‘ini yig‘dirib «maymun o‘ynatayotgan» TVlar darajasiga tushmoqda

«Madaniyat va ma'rifat» telekanali didsizlik, savodsizlik va farosatsizlik uyasiga aylangan, pul ilinjida odamlarga baklajkaning qopqog‘ini yig‘dirib «maymun o‘ynatayotgan» telekanallar darajasiga tushib bormoqda. Telekanalni ishga tushirishda bevosita ishtirok etgan shoir Xurshid Davron kanal siyosatiga o‘z e’tirozlarini bildirdi.

«Umrimning yigirma yilidan ziyodi O‘zbekiston teleradiokompaniyasi kanallarida o‘tdi. Shu sababdan bu dargohda bo‘layotgan voqealarga, aniqrog‘i telekanallar faoliyatida ko‘zga tashlanayotgan ayrim kamchiliklarga beparvo bo‘lolmayman. Bu gaplarni yozayapmanu boshqa bir gap ongu shuurimda aylanadi. Bir paytlar bir donishmand kutilayotgan ijtimoiy o‘zgarishlar haqida gapirayotib, lo‘nda qilib aytgan edi: "Hamma gapni aytadigan kunlar keladi. Ammo, unutma, bo‘tam, o‘shandayam bu gaplarni eshitadigan quloq topilmaydi…"».

«Madaniyat va ma'rifat» telekanali 2012 yilda O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tarkibida prezident farmoniga ko‘ra tashkil etilgan. Xurshid Davron telekanal tashkil etilishida bevosita ishtirok etgan.

Xurshid Davron telekanal ish boshlaganidan ko‘p o‘tmay xalqning nazariga tushganini, kanal ko‘rsatuvlari teleradiokompaniya tarkibidagi boshqa kanallar ko‘rsatuvlaridan alohida ajralib turgani yaqqol ko‘ringani va ijodiy jamoa tarkibida telekanal maqsadi va vazifalarini teran anglagan jurnalistlarning faoliyati ko‘pchilikning e’tirofiga sazovor bo‘lganini ta’kidlagan.

«“Madaniyat va ma’rifat” telekanalining faqat nomigina qoldimikan degan xavotirdaman. Bu xavotir sabablarini anglatish uchun 2019 yil mobaynida “Madaniyat va ma'rifat” telekanali efirlarida ko‘rganlarimni tahlil qilishga qaror qildim. O‘tgan qisqa vaqt davomida “Madaniyat va ma'rifat” telekanali o‘z o‘rni va auditoriyasiga ega telekanalga aylandi. Ammo ko‘rsatuvlarni kamida menchalik kuzatib boradigan tomoshabinlarning barchasiga yaxshi ma’lumki, telekanal hech qachon bugungi darajaga tushib ketmagan», – degan Xurshid Davron.

Maqolada yozilishicha, «...yaqindan boshlab “Tundaliklar” ko‘rsatuvi efirga uzatila boshlandi. Haqiqatan chiroyli nom, chiroyli yo‘nalish tanlangan. Ustoz Asqad Muxtorning “Tundaliklar”iga mos ravishda yaxshi suhbatlar bo‘ldi. Ko‘p davralarda bu ko‘rsatuv haqida e’tiroflar ham bo‘ldi. Katta-katta yozuvchilarimiz, olimlarimizning maqtovlari quloqqa chalindi. Ammo ko‘rsatuv shu qadar ko‘p efirga uzatildiki (adashmasam har kuni efirga uzatilgan vaqtlar ham bo‘ldi), suhbatdoshlarning ham saragi va puchagi bilinib qoldi. Bir o‘rta yosh xonanda yo o‘rtamiyona aktyor bilan bir soat davomida nimani gaplashish mumkin axir? Ko‘rsatuv “Tundaliklar”mi, shunga mos ravishda suhbatdoshni taklif qilish, tomoshabinlarni sog‘intirib, haftada bir yo ikki marta efirga uzatishsa bo‘lmasmikan deb o‘yladim».

Xurshid Davron yaqindan boshlab telekanalda noma’lum sababga ko‘ra ruscha olib boriladigan ko‘rsatuvlar paydo bo‘lganini aytgan: «Ulardan birining nomi “O‘zbekona o‘zlik”. Ko‘rsatuvning ruscha olib borilishi va unga atay qilganday “O‘zbekona o‘zlik” deb nom qo‘yishning o‘ziyoq telekanalning ayni paytdagi achinarli ahvolidan dalolat berib turibdi. Ruscha olib boriladigan ko‘rsatuvni bunday nomlash borib turgan nodonlik bo‘lsa, aslida buning ma’naviy fojia ekanligini anglamaslik, aksincha, shunga ochiq-oydin yo‘l qo‘yish, tomoshabin ko‘z o‘ngida shu ishning egasi, qahramoni sifatida namoyon bo‘lish – telekanal uchun sharmandalikning o‘zginasidir».

Xalq shoiri telekanaldagi «Saralangan sanalar», «Tafakkurdan tomgan tomchilar», «Madaniy termin» kabi ko‘rsatuvlarning nomiga ham e’tiroz bildirgan.

«Darvoqe, “termin” so‘zi o‘zbekchaga “atama” deb tarjima qilinishini ham eslatib qo‘yish kerak. “Madaniy” degan so‘zning yonida o‘zbekcha muqobili mavjud bo‘lgan ruscha so‘z tursa yaxshimas-da. Telekanalda ona tilimizga bag‘ishlangan birorta ham loyiha yo‘q. MTRKda mana shu ochiq faktni oddiy bir ziyoli sifatida tahlil qilib ko‘radigan tayinli rahbar ham yo‘q shekilli… Axir, har qanday mafkuraning asosi eng avvalo, Ona tili hisoblanadi-ku?!», – deyilgan maqolada.

Muallifning kuzatuviga ko‘ra, MTRKdagi boshboshdoqlik shu darajaga yetganki, shu yildan boshlab kompaniya kanallarining deyarli barchasida rus tilida olib boriladigan ko‘rsatuvlar paydo bo‘lgan.

«Haqiqatan ham rus tilida ko‘rsatuvlar zarurati mavjud bo‘lganida teleradiokompaniya rahbariyati xalq bilan muloqot qilib, surishtiruv o‘tkazib buning nechog‘lik zaruratini aniq bilib olishi, bu zaruratning sabablarini ochiq-oydin jamoatchilikka ma’lum qilishi kerak edi. Kuni kechagina bir necha ona tilimizga bepisandlik qilib, rus tilini davlat tili darajasiga ko‘tarishga bo‘lgan kimsalar urinishiga jamoatchilik qanday javob berganini yaqqol ko‘rdik-ku, axir! MTRKda yuzaga chiqqan bu holat aslida Ona tilimizga, Davlat tiliga qaratilgan o‘sha bepisandlikning paydo bo‘lishiga xizmat qilmadimikin?», – degan maqola muallifi.

Xurshid Davron rus tilida olib boriladigan ko‘rsatuvlar yuzasidan taklifini bildirgan. Rus tilida ko‘rsatuvlar zarurati mavjudligi aniqlangan taqdirda, hech ikkilanmay to‘liq rus tilida faoliyat olib boradigan kanal tashkil qilish ma’qul bo‘lishini aytgan. Xalq shoirining fikriga ko‘ra, barcha telekanallar o‘zbek tilida faoliyat olib borsagina, qonun bilan himoya qilingan davlat tiliga munosabat ijtimoiy ma’no topadi.

Maqolada «Madaniyat va ma'rifat» konsepsion nuqtai nazardan juda ko‘p narsani qamrab olgani ta’kidlanadi.

«Yaqinda chuchmal nom ostida yana bir ko‘rsatuv tashkil etildi: “Dilga tashrif”. Sal oldinroq ertalablari “Nonushta vaqti” ko‘rsatuvi ketardi, keyin u “Xush kayfiyat” deb o‘zgartirildi. Ana shu “Xush kayfiyat” nomli tonggi ko‘rsatuvda lablarini beautix qildirib (shishirib), “harir ko‘ylaklar”da chiquvchi uzunkiprik qizchalar endi “Dilga tashrif” ko‘rsatuviga o‘tishgan. Bu tajribasiz, no‘noq boshlovchilarning dilimizga qilayotgan tashriflaridan “toshnota” yuz berayotir! Ya’ni, ko‘ngil aynimoqda! Ularni qayerdan topib kelishgan? Telekanalning rasmiy badiiy kengashi yo‘qmi? Yo‘q bo‘lsa nega tuzilmaydi? Bor bo‘lsa, u qayerga qarayapti? – tushunish qiyin», – deyilgan maqolada.

Muallif boshlovchilarning «ketma-ket chiqishi»ni ham tanqid qilgan. «Madaniyat yangiliklari»da chiqqan boshlovchi oradan bir soat o‘tar-o‘tmas, «Yaxshilik» ko‘rsatuvini olib boradi, yana bir soat o‘tmasdan, xuddi o‘sha boshlovchi «Dilga tashrif» ko‘rsatuvida ko‘rinish beradi.

Maqolada aytilishicha, «...bugunga kelib “Madaniyat va ma'rifat” telekanali didsizlik, savodsizlik va farosatsizlik uyasiga aylangan, pul ilinjida millat bolalariga baklajkaning qopqog‘ini yig‘dirib “maymun o‘ynatayotgan” telekanallar darajasiga tushib bormoqda».

«“Madaniyat va ma'rifat” telekanalining maqsad va vazifalari uni tashkil etish davomida aniq belgilab berilgan. Gap bu vazifani amalga oshirishga qodir, layoqatli jamoani qayta tiklashda, bu jamoa boshida siyosatbozlikdan uzoq, jo‘rachilik, mahalliychilikdan yiroq, ona tilimiz ravnaqi uchun jon kuydiradigan, ma’rifatli va ma’naviyati yuksak rahbarlar turishi kerak», – degan Xurshid Davron.

Ayni vaqtda telekanal direktori vazifasida bir necha yil Samarqand viloyati televideniyesiga rahbar bo‘lgan Farhod To‘rayev faoliyat olib bormoqda.

Kiritildi: 07:30 23.07.2019. O'qildi: 2737 marta. Fikrlar soni: 1 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!