Xitoy Xalq Respublikasi Inson resurslari va ijtimoiy ta’minot vazirligi 17 ta yangi kasbning rasman paydo bo‘lganini ma’lum qildi, deya xabar beradi Kazinform agentligi.
Yangi kasblar ro‘yxatiga transchegaraviy elektron tijorat menejeri, dron parvozlarini rejalashtiruvchi, elektron sxemalar ishlab chiqaruvchisi va boshqa xizmatlar kiradi.
Vazirlik, shuningdek, so‘nggi yillardagi eng keng qamrovli yangilanishning bir qismi sifatida 42 ta yangi tasniflangan ish turlarini e’lon qildi. Bularga generativ sun’iy intellekt tizimlarini sinovdan o‘tkazish, shuningdek, aqlli ombor operasiyalari va texnik xizmat ko‘rsatish kiradi.
Xitoy rasmiylari birinchi marta 2018 yilda rasmiy yangi kasblar ro‘yxatini e’lon qildi. 2019 yildan 2024 yilgacha 93 ta yangi xizmat joriy etildi.
Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi (hukumati)ning 2025 yilgi ish hisobotida joriy yilda shaharlarda 12 milliondan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadi qo‘yilgan. Tadqiqotlarga ko‘ra, shaharlarda ishsizlik darajasi 5,5% atrofida bo‘lishi kerak.