Xitoy Tashqi ishlar vazirligi bugun Falastin –Isroil mojarosini bartaraf etish bo‘yicha mamlakat pozisiyasini ifodalovchi besh banddan iborat hujjat e’lon qildi.
XXR TIV rasmiy veb-saytida chop etilgan mazkur bayonotda Pekin harbiy harakatni zudlik bilan to‘xtatish, oddiy aholini himoya qilishga chaqirgan, “Ikki xalq uchun ikki davlat” rejasiga qaytish hamda mustaqil Falastin davlatini yaratish fikrini ta’kidlagan. Vaziyatdan chiqish yo‘li sifatida poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan, 1967 yil o‘rnatilgan chegarani tiklash zarurligini ko‘rsatgan.
Xitoy tomoni rejaning birinchi bandida harbiy harakatni zudlik bilan to‘xtatib, urushga barham berish, zudlik bilan kuchli va barqaror gumanitar sulh o‘rnatish lozimligini ta’kidlagan.
Ikkinchi jumlada begunoh aholini samarali himoya qilishga chaqirilgan, xalqaro gumanitar huquq buzilishini, aholi va fuqarolik ob’ektlariga qarata har qanday zo‘ravonlik hujumini to‘xtatish zarurligi ifodalangan.
Qayd etilishicha, BMT Xavfsizlik Kengashi aniq signal yuborib, Falastin aholisini majburan ko‘chirishga qarshi turishi, hibsga olingan va garovga olinganlarni tezroq ozod qilishga chaqirishi kerak.
Uchinchi bo‘lim gumanitar yordam ko‘rsatish muammosiga bag‘ishlangan. Tegishli tomonlar G‘azo aholisini zarur mahsulot va xizmatdan mahrum qilishdan qochishi, hududga insonparvarlik yordami kanallari tashkil etilishi va ko‘mak tez, xavfsiz, to‘siqsiz va barqaror yetkazilishi ta’minlanishi kerakligi aytilgan. BMT XK xalqaro hamjamiyatni G‘azoning urushdan keyingi tiklanishini qo‘llab-quvvatlashga undashi kerakligi ham uqtirilgan.
To‘rtinchi bandda Xitoy diplomatik vositachilikni kengaytirishga chaqiradi. Xususan, Xavfsizlik Kengashi mintaqa davlatlari va mintaqaviy tashkilotlarga ahamiyat berishi, BMT Bosh kotibi va Kotibiyatning vositachilik sa’y-harakatini qo‘llab-quvvatlashi, tegishli tomonlarga ta’sir o‘tkazuvchi davlatlarni qo‘llab-quvvatlashi zarur. Bundan tashqari, xolis pozisiyani saqlab qolish va inqirozni yumshatish uchun birgalikda faol ishlash lozim.
Yakuniy paragraf mojaroga siyosiy yechim topishni nazarda tutadi. Xitoy fikricha, Falastin masalasi hal etilishining asosiy sharti “Ikki xalq uchun ikki davlat” rejasini amalga oshirish, Falastin xalqining qonuniy huquqini tiklash va to‘liq suverenitetga asoslangan, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil davlat barpo etishdir.
Shuningdek, “ikki davlat yechimi”ni qayta tiklash bo‘yicha yo‘l xaritasi va reja ishlab chiqadigan nufuzli, keng ta’sir doirasiga ega va samarador xalqaro tinchlik konferensiyasini chaqirish kerak.
G‘azo kelajagi bilan bog‘liq har qanday kelishuvda Falastin xalqining irodasi va mustaqil tanloviga hurmat aks etishi lozim.