«PSJ» prezidenti tig‘iz taqvim tufayli futbolchilar ish tashlashi mumkinligiga munosabat bildirdi.
«Manchester Siti» klubi va Ispaniya milliy jamoasi yarimhimoyachisi Rodri taqvim zichligi sababli ehtimoliy ish tashlash haqida birinchi bo‘lib ma’lum qilgandi. Uni «Real», «Barselona», «Liverpul», «Chelsi», «Arsenal» va «Manchester Yunayted» kabi top-klublarning futbolchilari hamda murabbiylari qo‘llab-quvvatladi.
Futbolchilarning noroziligiga FIFAning klublar o‘rtasidagi jahon chempionatini 32 ta jamoa ishtirokida o‘tkazish qarori sabab bo‘ldi.
«Shikoyat qilayotgan futbolchilar va klublar o‘ynashmasin. Menga har bir mamlakatdan faqat ikkitadan klub qatnashayotgani haqida shikoyatlar kelib tushdi. Ba’zilar ikkitadan ortiq klubni xohlashadi. Ish tashlash bilan g‘alaba qozona olmaysiz.
Taqvim har doim muammo bo‘lib kelgan. Buni barcha manfaatdor tomonlar ishtirokida hal qilish kerak. Jarayon faqat bir tomon uchun emas, balki hammaga nima yaxshi ekanini tushunish uchun shaffof bo‘lishi kerak.
Klublar ekotizimni moliyalashtirmoqda va maoshlar tobora ortib bormoqda. Agar bizda bir xil musobaqalar va bir xil daromad bo‘lsa, bu muammo hisoblanadi», — dedi Yevropa klublari assosiasiyasi (ECA) raisi Nosir Al Xilayfiy Afinadagi bosh assambleyada.