Bugun 29 aprel, 2024 yil, dushanba

КИР

XDP vakili Rasul Kusherboyevga javob qaytardi: "Yolg‘on xabarlarni kim tarqatyapti?"

XDP vakili Rasul Kusherboyevga javob qaytardi: "Yolg‘on xabarlarni kim tarqatyapti?"

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevni ko‘pchilik xolis, mustaqil fikrga ega, xalq manfaatini har narsadan yuqori qo‘yuvchi deputat sifatida yaxshi biladi, hurmat qiladi.

Lekin uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi manziliga yo‘llagan, qator internet saytlarga joylashtirilgan ayblovi meni taajjublantirdi. Uning “XDP targ‘ibotning “yolg‘on orqali hujum“ taktikasini tanlamoqda”, deya keskin xulosa chiqarishi kishini biroz o‘ylantirib qo‘yadi.

R.Kusherbayev ikki holatni xulosasiga asos sifatida olibdi.

Birinchi holat. 31 iyul kuni “Munosabat” ko‘rsatuvida Toshkent shahar Nuroniy jamg‘armasi raisi, O‘zXDPdan xalq deputatlari shahar Kengashi deputati Rustam Kalonovning “dunyoda liberal g‘oyalar inqirozi” haqida bildirgan shaxsiy fikri hamda umumiy kontekstdan uzib olingan holatda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoparcha bilan bog‘liq.

E’tibor bering, partiyamiz vakili liberal g‘oyalar haqida yolg‘on ma’lumot tarqatish haqida o‘ylamagan, balki o‘zining shaxsiy fikrlarini bildirgan. Shaxsiy fikr bilan yolg‘on axborot o‘rtasida katta farq borligi ko‘pchilikka ma’lum, albatta.

Lekin shunday bo‘lsa-da, umumiy kontekstdan uzib olingan holatda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgan videoparcha noto‘g‘ri talqinlarga sabab bo‘lmasligi, Liberal demokratik partiya vakillarida noo‘rin xulosalar keltirib chiqarmasligi uchun partiyamiz Markaziy Kengashi Axborot xizmati orqali uzr so‘ragan edi.

Ya’ni, bu holatda partiyamiz vakili O‘zLiDeP haqida yolg‘on ma’lumot tarqatishga urinmagan, balki bugun dunyoda liberal g‘oyalar inqirozi haqida shaxsiy fikrlarini bildirgan.

Ikkinchi holat. Samarqand viloyatida suv muammosidan qiynalgan tadbirkorga O‘zLiDeP yordam bergani, shuning bilan masala bartaraf etilgani haqidagi holatni ko‘rib chiqaylik.

Holatga oydinlik kiritishga harakat qilamiz.

O‘zLiDeP axborotiga ko‘ra, Samarqand shahri Spitamen shoh ko‘chasi, 153-uyda joylashgan “Chordara qurilish” MCHJ rahbari OʻzLiDeP Samarqand viloyat kengashiga murojaat qilgan. Bu masala yuzasidan OʻzLiDeP Samarqand viloyat kengashi raisi “Suvoqova” DUK Samarqand viloyat boshqarmasiga yozma murojaat yo‘llagan. Hududdan o‘tuvchi, 1980-yillarda qurilgan, diametri 800 mm bo‘lgan ichimlik suv quvuri yaroqsiz holga kelgani aniqlangan. “Suvoqova” DUK Samarqand viloyat boshqarmasi javob xatida Prezident qarori asosida mazkur yo‘nalishdagi quvurlarning 200 metrlik qismi qayta yangilangani, yana 300 metrlik qismi yangilanishi haqida ma’lum qilingan.

O‘tgan haftada, 14 avgust kuni jonli efirga uzatilgan “Munosabat” ko‘rsatuvida O‘zLiDeP tadbirkorning muammosi hal etilgani haqida yolg‘on xabar berayotgani, aslida hududdagi vaziyat o‘zgarishsiz qolayotgani haqida aytgan edim.

Shundan keyin O‘zLiDeP Samarqand viloyat kengashi matbuot xizmati bu muammo hal etilayotgani haqida videomaterial tayyorladi va u 20 avgust kuni partiya rasmiy saytida e’lon qilindi.

R.Kusherbayev O‘zLiDeP Samarqand viloyat kengashi matbuot xizmati tayyorlagan o‘sha ma’lumotga ishonib, xulosa chiqargan ko‘rinadi.

Aslida quvurlar almashtirilishi bilan bog‘liq muammo shu kunlarda, hatto bugun ham davom etmoqda. To‘g‘ri, Prezident qarori bilan tasdiqlangan dastur asosida hududdagi eski quvurlarning muayyan qismi almashtirilgan. Ammo bu ishlar ham oxirigacha sifatli bajarilmagan.

Samarqand shahri Spitamen shoh ko‘chasidagi “Chordara qurilish” MCHJ joylashgan hududdagi (“Hunarmandlar” MFY) suv quvurlaridan hali ham suv sizib chiqyapti, bir nechta ko‘lmaklar hosil bo‘lgan. Quvurning yangilangan qismida ham suv chiqib, ko‘lmaklar hosil bo‘lgan.

(Quvur joylashgan hududdan temir yo‘l o‘tgan. 800 mm o‘lchamdagi quvurda yoz oylarida bosim pastroq bo‘larkan, kuz va qish oylarida bosim oshirilganda, quvurlar yorilib ketishi, bundan ko‘pchilik aziyat chekishi mumkin.)

O‘zLiDeP Samarqand viloyat kengashi avvalgi yolg‘onni xaspo‘shlash uchun yana bitta yolg‘on xabar tayyorlagan bo‘lib chiqmayaptimi?

Shunday ekan, savol: yolg‘on xabarlarni kim tarqatyapti? O‘zXDP vakilimi yoki boshqalarmi?..

R.Kusherbayev aniq fakt va ma’lumotlar asosida shoshmasdan fikr yuritadigan, xolis xulosa chiqaradigan, xalq manfaatlari uchun sidqidildan ishlaydigan deputat ekaniga shubha yo‘q.

Bahslar, tortishuvlar o‘z yo‘liga. Bugun asosiy masala - bitta bo‘lsa ham xalqni qiynayotgan muammo kamayishida, deb o‘ylayman.

Ravshan Xomitov,

O‘zXDP Markaziy Kengashi sektor mudiri

Manba: O‘zA

Kiritildi: 14:12 23.08.2019. O'qildi: 2174 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!