Bugun 29 aprel, 2024 yil, dushanba

КИР

Xatirchida sovuq xabar tarqaldi: "Bir qo‘shni ikkinchisini chopib o‘ldirdi"

Xatirchida sovuq xabar tarqaldi: "Bir qo‘shni ikkinchisini chopib o‘ldirdi"

Hayotda ozgina e’tiborsizlik yoki beparvolik katta ko‘ngilsizliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Bir tayoq boshni yoradi, bir gugurt bir o‘rmonni alangalantiradi, deya bejiz aytilmagan.

2020 yilning 30 aprel kuni Xatirchi tumanining “Navro‘z” mahalla fiqarolar yig‘iniga qarashli qishloqda sovuq xabar tar­qaldi: “Hamid (ism-familiyalar o‘zgartirilgan — tah.) Nodir akani chopib o‘ldiribdi…”

Bu mash’um xabarni eshitgan borki, hayratdan yoqa ushladi.

Nodir Mirzayev bilan Hamdam Saidovlar xonadoni uzoq yillardan beri qo‘shni bo‘lib yashashadi. Nodir aka har yili erta bahorda ariqlarni qazib, suv yo‘llarini kengaytirish harakatida bo‘lardi. Bundan 5-6 yil ilgari u ariqni qazib, tuprog‘ini ariq bo‘yidagi yo‘lga tashlagan va qishloq aholisi o‘tib-qaytadigan yo‘lni kengaytirgan edi. Qo‘ni-qo‘shnilar bu savobli ishi uchun uni alqagan edilar. Faqat qo‘shnisi Hamdam akaning jahli chiqqan, ering mening hududimni kichraytiribdi (aslida ariq bo‘yidagi yo‘l uning hududiga kirmas edi), deb Nodir akaning xotinini turtkilab, unga qo‘l ko‘targan, alamini ojizadan olgan, ammo jahl­dan tushgach, uzr so‘ragani uchun janjal ovozasi qo‘ni-qo‘shniga tarqamay, “Milisiya chaqirib, mahalla-ko‘yga gap-so‘z bo‘lib yurmaylik”, deya yopiqlik qozon yopiqligicha qolgan edi.

Afsuski, oiladagi tarbiya o‘z kuchini ko‘rsatdimi, ishqilib, ota xatosini o‘g‘il takrorladi, takrorladigina emas, oshirib ham yubordi.

Aslida bu ikki xonadon sohiblari bir-biriga begona emas, qo‘shnichilikdan tashqari qarindoshligiyam bor: ularning otalari opa-singillarning bolalari, ya’ni xolavachchalar. Bular shu xolavachchalarning bolalari. Ya’ni qo‘shnidan ham ortiqroq – jigarlar!   

Qo‘shnilarning bir-birini kamsitmasligi, o‘zaro haq-huquqlarini hurmat qilishi qonunlarimizda ham mustahkamlab qo‘yilgan. Biroq H. Saidov molxonasini hovlisining to‘riga emas, aynan qo‘sh­nisining uyi yoniga qurgan. N. Mirzayev yoz faslida badbo‘y hid anqib nafaqat ularga, yo‘lovchilarga ham noxushlik keltirayotganini aytib, bir necha marta murojaat qilganiga qaramay, uning iltimosini inobatga olmagan.

Hamdam Saidovning 1985 yilda tug‘ilgan o‘g‘li Hamid Saidov jaxldor, ora-sira 4-5 kunlab spirt­li ichimlik ichib yotadigan yigit. Yarim yil oldin oiladagi urish-janjallar tufayli xotini ikki nafar bolasini olib, otasinikiga ketib qolgan.

O‘sha kuni Nodir Mirzayev ekin-tikinlariga suv ochadi, qarasa, suv mo‘l-ko‘l kelayapti. “Men suv ochib kelgandim, ariqcha to‘lib oqayapti, mendan ortib sizning tomorqangizga ham yetadi, to‘yintiradi”, deb qo‘shnisi Suhrob akani ham chaqiradi. Ikkovlon yo‘l bo‘ylab ketisharkan, H. Sai­dovning ariq bo‘yiga ekkan “jonli devor”i ularning harakatlanishiga xalaqit beradi. To‘siqdan amallab o‘tishar ekan, Nodir aka ushbu to‘siqni olib tashlash kerakligini Hamdam akaga bir necha bor ayt­ganini, ammo foydasi bo‘lmaganini, hamsoyasi yerga to‘ymasligini aytadi. Xonasida dam olib yotgan Hamid ochiq derazadan bu gaplarni eshitadiyu, o‘rnidan sakrab turib, qo‘shnilari or­qasidan chopadi va “Nimaga bizni haqoratlading?” deya otasi tengi Nodir aka bilan yoqalashar ekan, ariqqa yiqiladi. Yigit ariqdan otilib chiqib Nodir akaning qo‘lidagi ketmonni tortib oladi, ketmonning tig‘ tomoni bilan uning bosh sohasiga bir marta zarb bilan uradi. N. Mirzayev muvozanatini yo‘qotib, yerga yiqiladi, boshidan qon otiladi…

O‘g‘li mashinasida kasalxonaga olib borganida shifokorlar N. Mirzayevning allaqachon joni uzilganini aytishadi…

Bu jinoyat ishi bilan tanishar ekansan, qotilga aylangan Hamidga qarata e’tirozlar ketidan e’tirozlar tug‘iladi: “Jonli devor” o‘sib, shoxlari yo‘lni to‘sib qo‘ygani uchun qo‘ni-qo‘shnilar shikoyatini eshitganingda, ularning yurishga qiynalayotganini ko‘rganingda nega qo‘lingga qaychi olib tekislab, yo‘l ochmading? Bir paytlar otang rahmatli qo‘shningning ayoliga qo‘l ko‘targanida nega vijdoning uyg‘onmadi? Nega uning o‘g‘illari otangdan buning badalini so‘rashmadi? Qo‘rqqani uchun emas, odamgarchilik uchun! Yon qo‘shniligi, qarindoshligi, qolaversa, har kuni ko‘z-ko‘zga tushishi, qasd olish imondan emasligi uchun!..”

H. Saidovni jinoyat ishlari bo‘yicha Xatirchi tuman sudi 28 986 000 so‘m ma’naviy zararni to‘lash bilan birga, 11 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Hamdam Saidovning qo‘shnichilik munosabatlariga behurmatligi, qishloqning keng hovlisida yashasa ham bir qarich yer uchun muntazam adovatga borishi o‘g‘li Hamid Saidovning jinoyatchiga aylanishiga sabab bo‘ldi. Xo‘sh, janjalga guvoh bo‘lib turgan Suhrob aka nega ikki qo‘shnini ajratib qo‘ymadi? Nega janjal mudhish tus olgunicha tomoshabin bo‘lib turdi? Holbuki, ketmonni tortib olishi, ikkalasini ajratishi yoki kimnidir yordamga chaqirishi mumkin edi-ku! Shunda ehtimol Nodir akaning hayoti saqlab qolinar edi. Aslida loqayd kimsalar jamiyat uchun eng katta xavf­dir. Mashhur adiblardan biri “Loqaydlik dunyo­dagi eng kuchli zilzila va bo‘ronlardan ham yomon dushmandir!” deb yozgan bo‘lsa, Luqmoni Hakim: “Odamlarning eng yaramasi, eng yomoni odamlarning yomonlik qilayotganini ko‘ra turib, ko‘r­maslikka olgani, beparvo, loqayd bo‘lganidir”, degan ekan.

Oddiy tortishuvning fojea bilan yakun topishi odamlarni biroz bo‘lsa ham sergak tortishga, insonga bir bora berilgan hayotni yaxshiliklar, savobli ishlar bilan bezab, o‘zidan yaxshi nom qoldirishga, loqaydlik va beparvolik kabi illatlardan qutilishga undasa ajab emas.

Kiritildi: 14:31 15.10.2020. O'qildi: 4373 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!