Ijtimoiy tarmoqlarda «Xalq banki Romitan markazi sho‘ba mudiri pora olgan vaqtida ushlandi» mazmunida tarqalayotgan xabarlar yuzasidan AT “Xalq banki” Matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Bank ma’lumotiga ko‘ra, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda sho‘ba mudiri boshqa tijorat bankida ishlovchi tanishlari orqali kredit olib berish evaziga pora olgani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Qayd etilishicha, ushbu tadbir vaqtida mazkur shaxs mehnat ta’tilida bo‘lgan va Toshkent shahrida bo‘lgan.
Xalq banki Matbuot xizmati rasmiy xulosalar e’lon qilinguniga qadar tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirib, holat bo‘yicha qo‘shimcha axborot keyinchalik taqdim etilishini ma’lum qildi.
Ayni xabar Davlat xavfsizlik xizmatining kanalida e’lon qilingan edi. Unda Xalq banki Romitan standart bank xizmatlari markazi sho‘ba mudiri 800 mln so‘m kredit olib berish evaziga 2 ming AQSh dollari talab qilgani va 1000 dollarini olgan vaqtida ushlangani aytilgan.