Peter Madyarning yangi hukumati Viktor Orbanning ko‘p yillik Rossiyaparast siyosatidan so‘ng Budapeshtning Moskvaga nisbatan siyosatini o‘zgartirmoqda.
Vengriyaning yangi hukumati Rossiyaning harakatlarini mamlakat, Yevropa va jahon tartibi uchun tahdid deb rasman atadi. Bu hokimiyat almashganidan so‘ng Budapesht tashqi siyosiy kursini jiddiy qayta ko‘rib chiqayotganini anglatadi.
Tegishli pozisiya sentyabr oyida bo‘lib o‘tadigan BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasida Vengriya delegasiyasi uchun berilgan ko‘rsatmalarda bayon etilgan. Hujjatni Bosh vazir Peter Madyar imzolagan. U Vengriyaning rasmiy nashri — Magyar Közlönyda e’lon qilingan.
«Vengriya Rossiyaning harbiy agressiyasini qoralaydi, Ukrainaning xalqaro miqyosda tan olingan chegaralari doirasidagi suvereniteti va hududiy yaxlitligini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi hamda Ukrainaning o‘zini himoya qilish huquqini tan oladi», — deyiladi hujjatda.
Shuningdek, hujjatda Rossiyaning harakatlari Vengriya, Yevropa va jahon tartibi uchun tahdid ekani hamda Zakarpatyeda yashovchi vengr millatiga mansub aholiga jiddiy xavf tug‘dirayotgani qayd etilgan.
Budapesht shu bilan birga barqaror tinchlikka erishish va Ukrainaga uzoq muddatli xavfsizlik kafolatlarini berish maqsadida muzokaralarni boshlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Yangi pozisiya Viktor Orban boshchiligidagi avvalgi hukumat siyosatidan sezilarli darajada chekinishni anglatadi.
Rossiya-Ukraina urushi boshlanganidan so‘ng Orban hukumati Moskva bilan yaqin munosabatlarni saqlab qoldi, Rossiyaga qarshi Yevropa Ittifoqi sanksiyalari va Ukrainani moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qarorlarni bir necha bor kechiktirdi yoki blokladi, Kiyevga qurol yetkazib berish va Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish jarayonini tezlashtirishga qarshi chiqdi. Vengriya, shuningdek, Rossiya energetika resurslarini import qilishga qaratilgan Yevropa cheklovlaridan istisnolar olishga harakat qildi.
2024 yil iyul oyida Orban Moskvaga tashrif buyurib, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi. Bu tashrif Yevropa Ittifoqi rahbariyati tomonidan keskin tanqid qilindi. Keyingi yillarda ham Budapesht Yevropa Ittifoqi ichida Rossiya va Ukraina bilan munosabatlar masalasida alohida pozisiyani saqlab keldi.
Hatto 2026 yil boshida Orban hukumati Ukrainani moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan 90 milliard yevrolik Yevropa paketini bloklagan edi.
Aprel oyidagi parlament saylovlarida Orban mag‘lub bo‘lganidan so‘ng Moskva ham hokimiyat almashishi Rossiyaning Vengriya bilan munosabatlarini o‘zgartirishi mumkinligini tan oldi.
Peter Madyar aprel saylovlarida uning «Tisa» partiyasi g‘alaba qozonganidan so‘ng mamlakatning tashqi siyosiy kursini o‘zgartirish niyati borligini bildirdi.
Saylovdan keyingi birinchi matbuot anjumanida u Ukrainani urush qurboni deb atadi va uning hududiy yaxlitligi hamda suverenitetini himoya qilish huquqi borligini ta’kidladi.
Yangi hukumat Kiyev bilan munosabatlarni ham yaxshiladi va bir qator bahsli masalalarni, jumladan, Zakarpatyeda yashovchi vengr millatiga mansub aholi bilan bog‘liq masalalarni hal qildi.