Vengriya Bosh vaziri Peter Madyar Dunay daryosidagi suv sathining rekord darajada pastligi sababli "Paksh" atom elektr stansiyasi 44 yil ichida birinchi marta faoliyatini butunlay to‘xtatib qo‘yishini e’lon qildi.
Vengriya hukumati rahbari bu haqda ijtimoiy tarmoq sahifasida ma’lum qildi.
"Dushanba kuni energetika inqirozi boshlanishi mumkin. Jiddiyroq oqibatlarning oldini olish uchun muvofiqlashtirilgan harakatlar va xotirjamlik talab etiladi. Biz barchaning qo‘llab-quvvatlashiga umid qilmoqdamiz", deb yozgan Madyar.
Avvalroq, MTI nashriga bergan intervyusida bosh vazir "Paksh" atom elektr stansiyasi payshanba yoki juma kuni yopilishi mumkinligini aytgan edi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Vengriya elektr energiyasi ishlab chiqarishining deyarli yarmini ta’minlaydigan stansiya hafta boshidan beri quvvatni asta-sekin kamaytirib kelmoqda va hozirda o‘z quvvatining 50% dan kamrog‘ida ishlamoqda.
Keyinchalik, stansiya operatori keyingi 24-72 soat ichida stansiyaning to‘liq yopilishi muqarrar ekanligini tasdiqladi.
Ta’kidlanishicha, kondisionerlik tufayli talabning ortishi va ichki ta’minotning kamayishi fonida stansiyaning yopilishi Vengriyaning elektr energiyasi importiga qaramligini oshiradi.
Madyarning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatning import quvvati 3600 dan 3800 megavattgacha, bu uning hisob-kitoblariga ko‘ra, "Paksh" atom elektr stansiyasi to‘liq yopilgan taqdirda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni qoplash uchun yetarli bo‘lishi kerak.