Venesuela vise-prezidenti Delsi Rodriges xalqqa murojaat qilib, mamlakatda milliy hukumat faoliyat yuritayotganini ma’lum qildi.
Rodriges Venesuelada faqat bitta prezident borligini va bu Nikolas Maduro ekanini aytdi. U, shuningdek, Karakas Maduro va uning rafiqasini zudlik bilan ozod qilishni talab qilishini bildirdi.
Vise-prezident o‘z murojaatida Venesuelaga qarshi qurolli tajovuzni qoraladi va mamlakatda Mudofaa kengashi ish boshlaganini bildirdi. Uning aytishicha, hukumat mamlakatni himoya qilishga tayyor va mamlakatda favqulodda holat joriy etish to‘g‘risidagi dekret kuchga kirgan.
"Venesuelada aniq va qonuniy hukumat mavjud. Venesuela hech kimning koloniyasiga aylanmaydi. Biz o‘z tabiiy resurslarini himoya qilishga tayyormiz", — deya ta’kidladi Rodriges.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Venesuela vise-prezidenti Delsi Rodriges mamlakatda hokimiyatni qabul qilib olgani va Vashington bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lganini aytgandi. Tramp, shuningdek, endilikda AQSh Venesuelani boshqarishini bildirgan va mamlakatga qarshi zarbalarning ikkinchi to‘lqini bilan tahdid qilgandi.