AQSh harbiy kotibi Pit Xegset Qo‘shma Shtatlarning Hormuz bo‘g‘ozini amalda nazorat qilishini va dengiz blokadasini kengaytirishini e’lon qildi.
Xegset hech bir kema AQSh dengiz flotining ruxsatisiz bo‘g‘ozdan o‘tolmasligini aytdi.
Xegset hozirda faqat Eronga tegishli bo‘lmagan kemalarga tranzit qilishga ruxsat berilganini, ularning ba’zilari allaqachon bo‘g‘ozdan, jumladan, tunda o‘tganini ta’kidladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, blokada kuchaytirilmoqda va yaqin kunlarda yana bir aviatashuvchi kema operasiyaga qo‘shiladi.
"Bizning blokadamiz kengayib, global tus olmoqda. Aynan shu hafta biz Hind-Tinch okeani mintaqasida Eronning ikkita "soya floti" kemasini qo‘lga oldik. Biz bunday harakatlarni davom ettiramiz", deb ta’kidladi u Pentagon brifingida.
Uning qo‘shimcha qilishicha, AQSh dushmanlariga yo‘llarni yopishda va o‘z manfaatlarini himoya qilishda davom etish niyatida. "Hech kim Hormuz bo‘g‘ozini tark etib, AQSh dengiz flotining ruxsatisiz dunyoning istalgan nuqtasiga bora olmaydi", dedi u.
Xegset shuningdek, Eron rasmiylarini keskin tanqid qilib, ularni vaziyatni beqarorlashtirishda va fuqarolik kemalariga hujum qilishda aybladi. Uning ta’kidlashicha, Eron kuchlari dengiz minalarini qo‘yib, AQSh yoki Isroil bilan aloqasi bo‘lmagan tasodifiy kemalarga qarata o‘q uzmoqda.
Tehronga murojaat qilib, vazir blokada kuchaytirilishini va vaziyat ustidan AQSh nazorati saqlanib qolishini aytdi.