Psixolog olimlarning fikricha, shafqatsizlik bilan bog‘liq bo‘lgan videoroliklarning internet tarmoqlarida ko‘payib borishi, shubhasiz, inson psixikasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunday videoroliklarni surunkali ko‘rib borish esa inson tomonidan agressiv xulq-atvorni normadagi va maqbul xatti-harakat deb tushunishiga olib keladi. Bunday ko‘rinishdagi sahnalar insonlarning his-tuyg‘ularini susaytirib boradi, bu o‘z navbatida insonlar reaksiyasida shafqatsizlikka, zo‘ravonlikka bo‘lgan his-tuyg‘uni ham susaytiradi. Buning oqibatida shafqatsizliklar insonlarni shok holatiga tushirmay qo‘yadi va asta-sekin bu narsa ularga maqbul bo‘lib boraveradi. Ya’ni dahshatli, qo‘rqinchli va jirkanch narsalarga nisbatan tabiiy norozilik hissi o‘ladi, dahshatdan dahshatlanmaslik odati paydo bo‘ladi.
O‘zbekiston psixologlar assosiasiyasi boshqaruv raisi H.Mahmudova ushbu holatning yana bir ko‘rinishi bolalarda qo‘rquv tuyg‘usini paydo qilishida namoyon bo‘lishiga e’tiborni qaratadi. Bunday shafqatsizlikni ko‘rgan bolalarda uning farovon hayotiga tahdid soluvchi, butun dunyo shunday odamlardan mavjud degan fikrni keltirib chiqarishiga olib kelishi mumkin. Uning oqibati ularda dahshatli tushlarni ko‘rish, har xil yomon fikrlarni paydo bo‘lishini hosil qiladi, bu esa o‘z navbatida bola ruhiyatini qamrab olib, uzoq vaqt davom etishi mumkin. Bu esa bolalarda ijtimoiy moslashuvni keskinlashtiradi, xarakterda og‘ishlarni keltirib chiqaradi, emosional-irodaviy jabhalariga tahlika soladi.
Axborot to‘g‘risidagi barcha qonun hujjatlarida zo‘ravonlik va shafqatsizlikni targ‘ib qilish qat’iy taqiqlangan.
Shu o‘rinda bu boradagi qonun hujjatlari normalarini o‘quvchilarga eslatib o‘tishni vazifamiz deb bildik.
O‘zbekiston Respublikasi “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qonunining 6-moddasiga ko‘ra ommaviy axborot vositalaridan zo‘ravonlik g‘oyalarini targ‘ib qilish maqsadida foydalanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonunning 121-moddasiga asosan veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan bloger hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtiriladigan Internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z veb-saytidan va (yoki) veb-sayt sahifasidan zo‘ravonlik va terrorizmni targ‘ib qilish maqsadlarida foydalanilishiga yo‘l qo‘ymasligi shart. “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 15-moddasida davlatning axborot borasidagi xavfsizligini ta’minlashning yo‘llaridan biri sifatida zo‘ravonlikni, shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi g‘oyalarni o‘z ichiga olgan axborot tarqatilishiga qarshi harakatlar qilish ekanligi mustahkamlangan.
Hatto o‘tgan yili kelajak avlodni, shu jumladan, zo‘ravonlik va shafqatsizlik ta’siridan himoya qilishga qaratilgan maxsus “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi.
Bundan olti yil muqaddam bu borada Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga 1891 va Jinoyat kodeksiga1301-moddalar kiritilib, zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish uchun javobgarlik belgilandi. Bu normalarni kiritilishining o‘ziga xos sabablari, asoslari bor.
Prezidentimizning 2017 yil 10 apreldagi “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida zo‘ravonlik va shafqatsizlik g‘oyalaridan himoya qilishga qaratilgan tizimni rivojlantirish ichki ishlar organlari tizimini isloh qilishning eng muhim yo‘nalishlari biri deb belgilangan.
Albatta bu tizimni rivojlantirishni fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtirokisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ayni paytda jamoat tashkilotlarining bu boradagi faoliyati yetarli emas. Ular, avvalo, bong urishi, keyingi paytlarda qonunchilik bilan ularga berilayotgan imkoniyat va vakolatlardan unumli foydalanishi zarur. Gap, birinchi navbatda, ularning jamoatchilik nazoratini amalga oshirishi, davlat organlari bilan ijtimoiy sheriklik asosida aynan zo‘ravonlik va shafqatsizlik targ‘ibotiga qarshi birgalikda kurashi haqida bormoqda. Misol uchun, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi, O‘zbekiston jurnalistlari uyushmasi, O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi singari tashkilotlar bu borada faoliyatini kuchaytirishi zarur. Qolaversa, bu yo‘nalishda siyosiy partiyalarning faol bo‘lishi maqsadga muvofiq.
Umuman zo‘ravonlik va shafqatsizlik ko‘rinishlari mavjud, keng omma ko‘rishiga mo‘ljallangan barcha materiallar tarqalishi ustidan samarali davlat va jamoat nazorati tizimi shakllantirilishi bugungi kunning muhim vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda.
X.Meliyev,
Adliya vazirligi mas’ul xodimi
Manba: uza.uz