2026 yil 1 yanvar holatiga, O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 66,3 mlrd dollarni tashkil qildi. Zaxiralar qiymati dekabr oyida 5,1 mlrd dollarga ko‘paygan. Bu haqda Markaziy bank taqdim qilgan hisobotda keltirilgan.
O‘tgan oy davomida zaxiralarning valyuta qismi 829 mln dollarga oshgan bo‘lsa, oltin qismining qiymati 4,2 mlrd dollarga oshib, 55 mlrd dollargacha ko‘paygan. Zaxiralar tarkibida oltinning fizik hajmi ham 12,2 mln troya unsiyadan 12,6 mln troya unsiyaga yetgan.
Umuman olganda, 2025 yil davomida O‘zbekistonning zaxira aktivlari 25,1 mlrd dollarga ko‘paydi. Katta o‘sish xalqaro bozorda oltin narxlarining qimmatlashishi fonida yuz berdi. Jahon savdosida noaniqliklar, AQSh Federal rezerv tizimining mustaqilligi atrofidagi xavotirlar va Qo‘shma Shtatlarning fiskal barqarorligiga doir shubhalar kuchaygani sabab oktyabr oyida narxlar 4000 dollardan oshdi. Dekabr oyiga kelib esa qimmatbaho metall bahosi 4500 dollardan ham ko‘tarildi. Oltin 2025 yilda 70 foizga qummatlashdi, bu – oxirgi 46 yil ichidagi eng katta o‘sish.
Bundan tashqari, Markaziy bank tomonidan xarid qilingan qimmatli qog‘ozlarning qiymati yil davomida 102 mln dollardan 1 mlrd 532 mln dollargacha ko‘paydi.