O‘zbekiston milliy oliy ta’lim muassasalarining faoliyatini baholovchi takomillashtirilgan reyting tuzilmasi yaratildi. Yangilangan metodikaga oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchilari haqida ish beruvchilar bahosi, talabalarning mutaxassislik fanlarini bilish darajasi, professor-o‘qituvchilar yaratgan ilmiy maqolalarning “Web of Science” hamda “Scopus” kabi xalqaro bazalardagi ulushi, xalqaro indekslar ma’lumotlari asosida ilmiy nashrlarga iqtiboslar miqdori, ta’lim muassasasidagi ijtimoiy-ma’naviy muhit kabi yangi indikatorlar kiritildi. Bu haqda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi xabar qiladi.
Xalqaro tajribaga muvofiq takomillashtirilgan indikatorlar asosida joriy yilning fevral-iyun oylarida Respublikaning 57 ta oliy ta’lim muassasalari (filiallari bilan birga) faoliyati tahlil qilindi va 2019 yil 1 yanvar holatiga ularning reyting natijalari tayyorlandi:
Gumanitar va iqtisodiy sohada O‘zbekiston milliy universiteti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent moliya instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti yetakchi o‘rinlarni egallagan.
Texnika va qishloq xo‘jaligi sohasida Toshkent irrigasiya va qishloq xo‘jaligini mexanizasiyalash muhandislari instituti, Toshkent axborot texnologiyalar universiteti, Toshkent temir yo‘l transporti muhandislari instituti, Toshkent davlat agrar universiteti yetakchi o‘rinlarni egalladi.
Tibbiyot sohasida Toshkent stomatologiya instituti, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti yetakchi o‘rinlarni egalladi.
Madaniyat, san’at va sport sohasida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti, Milliy rassomchilik va dizayn instituti yetakchi o‘rinlarni egallashdi. Ushbu OTMlar o‘tgan yili eng oxirgi 10 talikka tushgan edi. Joriy reytingda ushbu oliy ta’lim muassasalari faoliyatida keskin o‘zgarish ro‘y berib mos ravishda 24- va 29-o‘rinlarga chiqib oldi.
Jizzax davlat pedagogika instituti, Qo‘qon davlat pedagogika instituti, Guliston davlat universiteti, Nukus davlat pedagogika instituti kabilar esa so‘nggi o‘rinlarni egalladi.
Shuningdek, ushbu sohada Toshkent moliya instituti, Urganch davlat universiteti, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti avvalgi yilga nisbatan yuqori pog‘onalarga ko‘tarilgan.
Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, Andijon mashinasozlik instituti quyi o‘rinlarni egalladi.
Ushbu sohada Toshkent irrigasiya va qishloq xo‘jaligini mexanizasiyalash muhandislari instituti faol harakat qilib milliy reytingda birinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, Toshkent davlat agrar universiteti 12 o‘rindan 6 o‘ringa ko‘tarildi.
Samarqand davlat tibbiyot instituti, Andijon davlat tibbiyot instituti esa so‘nggi o‘rinlarni egalladi.
Mazkur sohada Buxoro davlat tibbiyot instituti o‘tgan yilgi reytingdagi 43-o‘rindan yuqoriga ko‘tarilib 16-o‘ringa chiqdi.
O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti so‘nggi o‘rinlarni egallashdi.
Umumiy reytingda O‘zbekiston milliy universiteti, Toshkent irrigasiya va qishloq xo‘jaligini mexanizasiyalash muhandislari instituti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent axborot texnologiyalar universiteti, Toshkent temir yo‘l transporti muhandislari instituti yetakchi o‘rinlarni egallashdi.
Jizzax davlat pedagogika instituti, Qo‘qon davlat pedagogika instituti, Guliston davlat universiteti, Andijon mashinasozlik instituti, Nukus davlat pedagogika instituti so‘nggi o‘rinlarni egalladi.
Shu bilan birga, ilmiy salohiyati bo‘yicha O‘zbekiston milliy universiteti, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Toshkent irrigasiya va qishloq xo‘jaligini mexanizasiyalash muhandislari instituti, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Samarqand davlat universiteti yetakchi o‘rinlarda.
Andijon mashinasozlik instituti, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Samarqand davlat chet tillar instituti, Termiz davlat universiteti, Qo‘qon davlat pedagogika instituti so‘nggi o‘rinlarni egalladi.
Dunyoning nufuzli 1000 taligiga kiruvchi OTMlarda falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olgan professor-o‘qituvchilarning soni bo‘yicha Toshkent axborot texnologiyalar universiteti, Samarqand davlat universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Toshkent davlat agrar universiteti, Toshkent moliya institutlari yetakchilik qilmoqda. 15 ta OTMda bunday professor-o‘qituvchilar mavjud emas.
Eng ko‘p xorijiy professor-o‘qituvchilar Toshkent tibbiyot akademiyasi, O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik institutida faoliyat olib bormoqda.
Talabalar bilimi bo‘yicha eng yuqori natijalarni Toshkent irrigasiya va qishloq xo‘jaligini mexanizasiyalash muhandislari instituti, Navoiy davlat konchilik instituti, Toshkent davlat agrar universiteti, Urganch davlat universiteti egalladi.
Eng past natijalarni Andijon davlat tibbiyot instituti, Jizzax davlat pedagogika instituti, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, Nukus davlat pedagogika institutlari ko‘rsatdi.
Eng ko‘p ish beruvchilar bahosini to‘plagan OTMlarga O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent irrigasiya va qishloq xo‘jaligini mexanizasiyalash muhandislari instituti, Toshkent axborot texnologiyalar universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Urganch davlat universiteti, Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Toshkent moliya instituti kiradi.
Ish beruvchilar tomonidan “Bitiruvchilarning bilim darajasi va amaliy ko‘nikmasi”ga 72 foiz, “OTMning ish beruvchilar bilan hamkorlik darajasi”ga 65 foiz, “Bitiruvchilarning kelgusida o‘sish imkoniyatlari”ga 75 foiz, “OTMlarning kadrlar tayyorlash sifatiga” 69 foiz ijobiy javob berilgan. Shuningdek, 94 foiz ish beruvchilar kelgusida milliy OTMlarimiz bitiruvchilarini ishga qabul qilishini bildirgan.
Kelgusida reyting natijalarini tahlil qilish asosida OTMlarni xalqaro reytingga kiritish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasi ishlab chiqiladi. Bunda milliy reytingda dastlabki 10 talikka kirgan OTMlar orasidan kelgusida dunyo reytingiga kiritish mumkin bo‘lgan OTMlar haqida tahliliy ma’lumotlar tayyorlanadi va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi. Reyting natijalari asosida mahalliy OTMlardan 5 tasiniQS, THE kabi xalqaro reyting agentliklarining ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash haqida OO‘MTVga taklif beriladi. Bu o‘z o‘rnida milliy OTMlarimizni dunyo universitetlari reytingiga chiqishiga dastlabki qadam bo‘lib xizmat qiladi.