O‘zbekistondagi eng yirik e’lonlar sayti – Olx'da Rossiyada ishlab chiqarilgan Mi-171E rusumidagi ikkita transport vertolyoti sotuvga qo‘yildi. E’lon muallifi havo kemalari “mutlaqo yangi” ekanini yozgan.
Vertolyotlar “zavod narxi”da sotilayotgani aytiladi. Bu narx – 14 mln dollar (taqriban 150 milliard so‘m).
Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviasiyasi agentligi mas’uli Kun.uz bilan suhbatda ma’lum qilishicha, O‘zbekiston fuqarolari fuqaroviy havo transportlarini sotib olishlari mumkin. Agar ushbu transport bilan fuqarolarni tashish xizmatlarini ko‘rsatmoqchi bo‘lsa, aviakompaniya ochish kerak bo‘ladi.
Agar faqat sayohat qilish yoki shaxsiy maqsadlarda boshqa hududlarga borish maqsadida foydalanilsa, Fuqaro aviasiyasi agentligiga tegishli hujjatlarni taqdim qilishi hamda uchish uchun bir nechta turdagi sertifikatlarni olishi kerak bo‘ladi.
Bundan tashqari, havo kemasiga ma’lum vaqt oralig‘ida doimiy ravishda texnik xizmatlar ko‘rsatib turiladi.