Uchqo‘rg‘ondagi bog‘chadagi holatdan so‘ng barcha davlat bog‘chalari tekshirilmoqda.
Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanidagi davlat bog‘chasida 5 yoshli qizaloq bilan bog‘liq og‘ir holat ortidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi maxsus ishchi guruh tuzdi.
Vazirlik ma’lum qilishicha, ishchi guruh voqeani atroflicha o‘rganish, mas’ul xodimlarning xizmat vazifalarini bajarish darajasini baholash va holatga aloqador shaxslarga nisbatan chora ko‘rish masalalari bilan shug‘ullanmoqda.
Hodisa bilan bog‘liq deb gumon qilingan bog‘cha xodimlari bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingan. Vazirlik, shuningdek, xizmat vazifalariga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan xodimlar va mansabdor shaxslarga nisbatan qonun doirasida chora ko‘rilishini ma’lum qildi.
Shu bilan birga, bunday holatlarning boshqa ta’lim muassasalarida takrorlanishining oldini olish maqsadida mamlakatdagi barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlari tekshirilmoqda.
Avvalroq Uchqo‘rg‘on tumanidagi davlat bog‘chasida 5 yoshli qizaloqka nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etilgani haqida xabar berilgan edi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi ushlangan va unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Tergov harakatlari davom etmoqda.