Bugun 15 oktyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

O‘zbekistonda yaylovlarning 60 foizidan samarali foydalanilmayapti

O‘zbekistonda yaylovlarning 60 foizidan samarali foydalanilmayapti

O‘zbekistonda yaylov yerlarining unumdorligini oshirish va suv tanqisligini bartaraf etishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar belgilandi. Kelgusi ikki yil davomida millionlab gektar maydonni qayta tiklash, yuzlab sug‘orish inshootlari qurish hamda mavjud quduqlarni ta’mirlash ko‘zda tutilmoqda.

Bu boradagi rejalar Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan taqdimotda muhokama qilindi.

Yaylovlarning katta qismi imkoniyatidan to‘liq foydalanilmayapti

Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, respublikadagi yaylovlarning umumiy maydoni 21 million 255 ming gektarni tashkil etadi. Biroq ushbu yerlarning faqat 40 foizi samarali foydalanishga jalb qilingan.

Mavjud vaziyatni o‘zgartirish uchun hududlar rahbarlariga aniq vazifalar yuklatildi. Xususan, 2026 yil oxiriga qadar 620 ming gektar, 2027 yil davomida esa 3,7 million gektar yaylovning unumdorligini tiklash rejalashtirilgan.

Shuningdek, mahalliy hokimliklar Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi bilan hamkorlikda bir oy ichida maxsus dasturlar ishlab chiqib, tasdiqlashi kerak. Ushbu dasturlar asosida degradasiyaga uchragan maydonlarni joriy yilda 10 foizga, kelasi yilda esa 20 foizga kamaytirish maqsad qilingan.

Suv ta’minoti uchun yangi moliyalashtirish tartibi

Yaylovlarni suv bilan ta’minlashda mahalliy xo‘jaliklarning moliyaviy imkoniyatlari kengaytiriladi. Endilikda yaylov yerlarini ijaraga berishdan olinadigan to‘lovlar hududiy yaylov xo‘jaliklarining o‘zida qoldiriladi.

Mazkur mablag‘lar evaziga yana 448 ta quduq qazish belgilangan. Buning natijasida 2027 yilda 1,5 million gektar yaylovning suv bilan ta’minlanish darajasini yaxshilash ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, 2026 yil yakunigacha mavjud 1 ming 600 ta quduqni ta’mirlash vazifasi qo‘yilgan.

323 ta yangi sug‘orish inshooti barpo etiladi

Yaylovlarni qayta tiklash ishlari davlat byudjeti hisobidan ham moliyalashtiriladi. Bu maqsadlar uchun 100 milliard so‘m ajratilgan.

Rejaga muvofiq, 2026 yilda 161 ta, 2027 va 2028 yillarning har birida 81 tadan yangi sug‘orish inshooti quriladi.

Shu tariqa, uch yil davomida jami 323 ta inshoot foydalanishga topshirilishi belgilangan. Ularning ishga tushirilishi hisobiga 969 ming gektar yaylov maydonini qayta tiklash imkoniyati yaratilishi kutilmoqda.

Kiritildi: 11:58 14.10.2026. O'qildi: 365 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!