Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

O‘zbekistonda yangi kreditlar joriy qilinadi

O‘zbekistonda yangi kreditlar joriy qilinadi

Mehnatkash xalqimizning ishbilarmonlik salohiyati oilaviy tadbirkorlik, hunarmandchilik, kasanachilik, chorvachilik, hamda dehqonchilikni kengaytirish uchun katta tajriba mavjudligidan dalolat beradi.

Oilalarning barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun shart-sharoit yaratish maqsadida “Har bir oila – tadbirkor” dasturining joriy qilinishi farovonlik kaliti bo‘lib xizmat qilmoqda.

2018-2019 yillarda aholining tadbirkorlikka keng jalb qilinishi ayniqsa chekka hududlardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning iqtisodiy holati yaxshilanishiga sabab bo‘ldi.

Shu bilan birga, kichik biznes, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, bank xizmatlarining ommabopligini oshirish orqali aholi, kichik biznes va oilaviy tadbirkorlik sub’ekt­lari bilan to‘laqonli sherikchilik munosabatlarini o‘rnatish talab etiladi. Shu maqsadda 2019 yil 24 oktyabr kuni davlat rahbarining “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarni kreditlash tartibini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq 2020 yil 1 yanvardan boshlab kichik biznes, oilaviy tadbirkorlik, aholining o‘zini o‘zi band qilishini rivojlantirish, ayollar uchun imkoniyatlarni oshirish va yosh avlodni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat dasturlari doirasidagi loyihalar Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi bo‘yicha ustuvor ravishda Xalq banki, «Mikrokreditbank» va «Agrobank» orqali moliyalashtirilishi belgilab qo‘yildi.

Yaxshi yangilik: endi qarorda keltirilgan va boshqa jamg‘armalar hisobidan kichik biznes, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, xotin-qizlar va yosh avlod tashabbusiga vakolatli banklar tomonidan ajratilgan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensasiya va subsidiyalar berishga ruxsat etiladi.

Bundan tashqari, mazkur dasturlarni moliyalashtirish uchun tegishli jamg‘armalar tomonidan ajratiladigan resurslarning 2020-2022 yillarda to‘lanadigan qismi har oyda vakolatli banklarga dasturlar doirasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi, bunda resurslar bo‘yicha foiz stavkasi qayta moliyalash stavkasidan 4 foiz past qilib belgilanadi.

Qarorga ko‘ra barcha hududlarda «bank xizmatlari ofislari»ning keng tarmog‘i yaratiladi, axborot texnologiyalarini qo‘llash orqali yangi bank xizmatlari hamda «modulli» kreditlash asosida yangi kreditlar joriy qilinadi.

Jamshid NEMATOV,

Bosh prokuratura boshqarma prokurori

Kiritildi: 16:02 22.11.2019. O'qildi: 6479 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!