Mavsumning eng kutilgan madaniy tadbirlaridan biri 23–25 oktyabr kunlari Toshkentda va 27 oktyabrda ilk bor Urganchda o‘tkaziladi.
XI Yevropa kinofestivali dasturidan chuqur dramatik hikoyalar va biografik asarlardan tortib, hujjatli filmlar hamda animasiyalargacha bo‘lgan 11 ta asar o‘rin olgan bo‘lib, ular O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida namoyish etiladi. Bundan tashqari, 28 oktyabr kuni Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti bilan hamkorlikda talabalar uchun qisqa metrajli filmlar namoyishini tashkil etadi. Shuningdek, Moc Hub madaniy makonida keng jamoatchilik uchun filmlar taqdim etiladi.
Kinofestival uchun Kipr, Fransiya, Germaniya, Gresiya, Italiya, Latviya, Litva, Lyuksemburg, Ruminiya va Sloveniya elchixonalari o‘z filmlarini taqdim etdi. Shuningdek, tadbirni tashkillashtirishda Gyote instituti hamda Toshkentdagi Fransiya alyansi faol ishtirok etmoqda. Bir qator asarlar milliy va xalqaro kino mukofotlari sovrindorlari hisoblanadi.
Festival 2013 yildan buyon har yili Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegasiyasi tomonidan O‘zbekistonda akkreditasiyadan o‘tgan Yevropa mamlakatlari elchixonalari bilan birgalikda, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi ko‘magida tashkil etib kelinmoqda.
Barcha namoyishlar bepul. Filmlar asl tilida, o‘zbek va/yoki rus tillaridagi subtitrlar bilan namoyish etiladi.
O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyi (Navoiy shoh ko‘chasi, 15)
2026 yil 23 oktyabr
11:00 — «Kiprik qoqishni unutmang» (Litva) 16+
Oilaviy munosabatlar, farzandlikka olishdagi murakkabliklar hamda g‘amxo‘rlik va nazorat o‘rtasidagi nozik chegara haqida hikoya qiluvchi psixologik drama.
14:00 — «Qor qoplonini qidirib» (Fransiya) 12+
«Sezar» milliy mukofoti sovrindori bo‘lgan mazkur hujjatli film eng tutqich bermas yirtqich — qor qoplonini izlashga bag‘ishlangan. Tomoshabin yovvoyi tabiat fotografi Vinsent Myunye va yozuvchi Silven Tesson bilan birgalikda qor qoplonining makoni bo‘lmish sovuq va qahraton Tibet tog‘ligiga jasoratli sayohatga otlanadi.
18:00 — «Ennio» (Italiya) 12+
Ilk bor jahon kinematografiyasi afsonasi — maestro Ennio Morrikone o‘zi kadrda namoyon bo‘lib, hujjatli filmning bosh qahramoniga aylandi. «Ennio» — muallifning arxiv materiallari, nodir konsert yozuvlari hamda mashhur hamkasblari va do‘stlarining buyuk bastakor haqidagi samimiy suhbatlarini o‘zida jamlagan avtobiografik hikoyadir.
2026 yil 24 oktyabr
11:00 — Vasilis Mixailidis — «Yashirin shamollar» (Kipr) 12+
Kiprning eng mashhur milliy shoiri Vasilis Mixailidis haqidagi hujjatli film. Atoqli shoir va rassom zamondoshlari hamda kelgusi avlodlar uchun boy ijodiy meros qoldirdi.
14:00 — «Nika» (Sloveniya) 16+
Karting poygalari olami bilan yashaydigan o‘jar o‘smir qiz haqidagi sport dramasi. Tezlikka bo‘lgan ishtiyoq avtohalokatda Nikaning otasini hayotdan olib ketgan bo‘lib, bugungi kunda ushbu fojia uning onasi bilan munosabatlariga kuchli ta’sir ko‘rsatmoqda. Oila osoyishtaligi esa erksevar va qaysar Nikaning orzusi sari yo‘liga g‘ov bo‘lmoqda.
18:00 — «Momiq ayiqcha hayotidan bir kun» (Gresiya) 14+
Ba’zida kimdir tashlab ketgan yumshoq ayiqcha tanishuv uchun sabab bo‘lishi mumkin. Ikki butunlay boshqa olam — xitoylik skripkachi Lyu Szinsi va yunon me’mori Panos o‘ziga xos muhitga ega Shanxay bo‘ylab uzoq romantik sayr qilish uchun tasodifan uchrashib qolishadi.
2026 yil 25 oktyabr
11:00 — «Agar men yo‘q bo‘lsam-chi» (Lyuksemburg) 16+
O‘rta yosh inqirozi haqidagi Yevropa tragikomediyasi. Matye ismli bosh qahramon ish va oiladagi tinimsiz bosimdan charchab, hayotini tubdan o‘zgartirishga qaror qiladi. Muayyan yosh dovonidan o‘tgach, u o‘rmonda, tanholikda yashab, o‘z hayotini qayta anglashga intiladi.
14:00 — «Ulya» (Latviya) 12+
Afsonaviy latviyalik basketbolchi, ikki karra Olimpiya chempioni Ulyana Semyonovaning yoshligiga bag‘ishlangan biografik badiiy film. Film 2026 yil sentyabr oyida katta ekranlarga chiqdi va mamlakat tarixida eng ko‘p tomoshabin to‘plagan Latviya filmlaridan biriga aylandi.
18:00 — «Yuridik fakultet jamoasi» (Ruminiya) 18+
Film Mixay Adrian Xotkaning shu nomli kitobi asosida suratga olingan bo‘lib, birinchi kursdanoq qadrdon bo‘lib ketgan yetti nafar huquq fakulteti talabasi haqida hikoya qiladi. Yillar o‘tib tobora mustahkamlangan bu chin do‘stlik jiddiy sinovga — «to‘da a’zolari»dan birining qizining xastaligiga duch keladi.
Xudoybergan Devonov nomidagi kinoteatr
2026 yil 27 oktyabr
11:00 — «Bog‘dagi qayiq» (Fransiya va Lyuksemburg) 12+
Ushbu animasion film urushdan keyingi yillarda yosh qahramon Fransuaning qiziqarli katta hayotga qadam qo‘yish davri haqida hikoya qiladi. Unda ota-onasi bilan birgalikda oilaviy bog‘larida mashhur dengizchi Joshua Slokamning yelkanli kemasining aynan nusxasini qurish ulg‘ayish ramziga aylanadi. Mazkur oilaviy ijodiy jarayon uning o‘z yo‘lini topishiga asos bo‘ladi.
14:00 — «Karla» (Germaniya) 16+
Nemis dramasi tomoshabinni 1962 yilgi Myunxenga olib boradi. 12 yoshli Karla Ebel otasining shafqatsiz tarbiyasiga chidashni istamay, uydan qochib ketadi hamda panoh va himoyani o‘z oilasi davrasidan emas, polisiyadan izlaydi.
16:30 — «Momiq ayiqcha hayotidan bir kun» (Gresiya) 14+
Ba’zida kimdir tashlab ketgan yumshoq ayiqcha tanishuv uchun sabab bo‘lishi mumkin. Ikki butunlay boshqa olam — xitoylik skripkachi Lyu Szinsi va yunon me’mori Panos o‘ziga xos muhitga ega Shanxay bo‘ylab uzoq romantik sayr qilish uchun tasodifan uchrashib qolishadi.
Batafsil dastur va filmlar namoyishi jadvali bilan O‘zbekistondagi Yevropa Ittifoqi Delegasiyasining rasmiy sahifasida tanishishingiz mumkin.